Yigʻi marosimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yigʻi marosimi — oʻlim va dafn marosimi bilan bogʻliq udumlardan biri. Oʻlim oila boshiga tushgan ogʻir musibat. Koʻp yerlarda, xususan, qishloq joylarda Y. m. odat tusiga kirgan boʻlib, maʼlum tartibda oʻtadi. Ayollar yakka tarzda yoki bir-birlari bilan koʻrishib yoki davra qurib oʻtirib (baʼzan tik turib) yigʻlaydilar. Oʻtirib yigʻlashda katta davra quradilar. Odatda, qishloqda, shahar mahallalarida aza qoʻshigʻini aytuvchi yigʻichi (goʻyanda) ayollar boʻlgan. Taʼziya marosimida yigʻini goʻyanda boshlaydi, oʻrtaga tushib va vafot etganning belbogʻi, marhum, ayol boʻlsa, roʻmolini boʻyniga tashlab, uning yaxshi hislatlarini, tirikligida qilgan ishlarini yaqinlari tilidan taʼsirli qilib aytib yigʻlaydi. Azador qiz va kelinlar yigʻiga qoʻshiladilar, boshqa ayollar ham joʻr boʻladilar. Y.m. ning ikkinchi koʻrinishi sadr (sadr tushish) nomi bilan maʼlum. Bunda marosimga yigʻilgan ayollar tik turib, davra qurib yigʻlaydilar. Aytuvchi davraning oʻrtasida turadi, u bilan davra ichida shu xonadonning ayollaridan biri (onasi, xotini, qizi va b.) ham boʻlgan. Aytuvchi yuqoridagi tartibda, marhum nomini va uning yaxshi hislatlarini aytib yigʻi boshlaydi. Ayollar aylanib, tepinib davrani buzmasdan, gir aylanib yigʻlaydilar. Aytuvchi yigʻining bu koʻrinishi qishloqda yoki mahallada bir yil davomida oʻlgan kishilarning nomini navbat bilan aytib boʻlmaguncha davra yigʻisi davom etgan. Bu odatlar Movarounnahr va Xorazm oʻlkasida qadimdan mavjud boʻlib, bizgacha yetib kelgan. Koʻp joylarda, Mas, Oʻzbekistonning jan. viloyatlarida sadr tushish odati kam uchraydi. Lekin islomda, hadisi shariflarda marhumga faryod urib yigʻlash maʼqul sanalmaydi. Marhumning el-yurtga kilgan yaxshi amallarini xotirlab, unga Allohdan rahmat tilashga chaqiriladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil