Yevropa-osiyo transkontinental avtomagistrali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yevropa-osiyo transkontinental avtomagistrali - Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiya orqali Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari bilan bogʻlaydigan avtomagistral. Jahondagi eng yirik avtomagistrallardan biri. Rotterdam (Gollandiya) — Shanxay (Xitoy) portlarini bogʻlaydi. Umumiy uz. 10 ming km.dan ortiq. Avtomagistralining Oʻzbekiston hududidan oʻtadigan qismi — Andijon — Toshkent — Nukus — Qoʻngʻirot trassasi umumiy uz. 1422 km, barcha kirish yoʻllarining uz. 500 km boʻlib, Fargʻona vodiysi viloyatlaridan boshlanib, soʻngra Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari, Qizilqum orqali Xorazm viloyati hududidan oʻtib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining poytaxti Nukusga chiqadi. Trassa Afgʻoniston va Turkmaniston yoʻnalishidagi xalqaro trassalarni ham kesib oʻtadi. Trassani loyihalash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 18-avgust qarori asosida 1999—2000-yillarda amalga oshirildi. Loyihalashtirishning subpudrat shartnomalarida ilgʻor xorijiy davlatlarning loyihalash institutlari ham ishtirok etgan. Loyihalash yechimlari jahon standartlari darajasida qabul qilinib, qurilgan yangi trassa avtotransport vositalarining katta tezlikdagi harakatni taʼminlovchi Oʻzbekiston milliy magistraliga aylanadi.

Trassa avtotransport vositalarining katta tezlikdagi harakatini taʼminlaydi va mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Trassaning qurilishi bilan yaqin kelajakda yoʻl atrofi choʻl hududlarini oʻzlashtirishga yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi, sanoatni bir tekisda joylashtirish, aholini zich joylashgan hududlardan tarqoq joylashgan hududlarga koʻchirish va respublika hududlarining bir tekis rivojlanishi taʼminlanadi.

Tohirjon Mirzayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil