Yevnuxoidizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yevnuxoidizm (yun. eunuchos — bichilgan odam), erkaklarda — hezalaklik, ayollarda — erkakchalishlik — jinsiy bezlarning tugʻma kamchiligi yoki jarohatlanishi, yoxud gipofizdan gonadotrop gormonlar kam chiqishi sababli roʻy beradigan kasallik. Erkaklarda koʻproq uchraydi. Yevnuxoid gigantizm va yevnuxoid semirish (yogʻ bosish) degan ikki turi bor. Odatda, aralash xili uchraydi. Belgilari: boʻy oʻsib ketadi, skelet nomutanosib oʻsadi (qoʻl-oyoq, ayniqsa oyoq uzun boʻladi), suyaklar ingichka, yelka tor, chanoq keng (ayollar chanogʻi tor), muskullar boʻsh (ilvillagan) boʻladi. Koʻkrak, qorin va sonni yogʻ bosadi, jinsiy bezlar yetilmaydi, ikkilamchi jinsiy belgilar uncha bilinmaydi, qov va qoʻltiqda jun oʻsmaydi, ovoz ingichka (bolalarga xos), jinsiy his susaygan boʻladi. Jismoniy mehnatga yaraydi, ammo sustkash, zehni past boʻladi. Oʻtmishda bolaligida bichilganlar (gʻulomlar)da ham shunga oʻxshash hodisa kuzatilardi. Bemorlar genetik va endokrinolog nazoratida jinsiy gormonlar bilan uzoq davolanishi kerak.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil