Kontent qismiga oʻtish

Yerqalampir

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yerqalampir, xren (Armoracia) — karamdoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimlik turi, sabzavot ekini. Yevrosiyoda 2 turi bor. Oddiy Yerqalampir (A. rusticana) — Yevropa, Hindiston, AQSH, Xitoy, Oʻrta Osiyoda ekiladi (ildizida C vitamini, efir moylari, fitonsidlar bor). Isteʼmol uchun yoʻgʻon etli ildizpoyasi (ziravor sifatida) va bargi ishlatiladi. Tupi serbarg. Bargi yashil, choʻziq, toʻp-toʻp boʻlib oʻsadi. Ildizi tuproqqa 80—100 sm gacha kirib boradi, ildizpoyasi esa tuproqning 30 sm gacha boʻlgan qismida joylashadi. Yerqalampir yuqori haroratga chidamli, namga talabchan. Ildiz poyalaridan tayyorlangan qalamchalardan (uzunligi 15—20 sm, yoʻgʻonligi 1 — 1,5 sm) koʻpaytiriladi. Kuzda qalamchalar yertoʻla yoki issiqxonalarda saqlanadi. Erta bahorda yoki avgust oyida dalalarga qatorlab yoki qoʻsh qatorlab ekiladi. 1 ga maydonga 40—55 ming koʻchat ketadi. Kuzda oʻsuv davri tugagach, ildizmevalari kavlab olinadi. 120—150 senter/gektar ildizpoya va 350—400 sentner/gektar barg olinadi. Yerqalampir ildizi va bargida turli mineral tuzlar, vitaminlar va achchiq taʼm beruvchi sinergii glikozidi mavjud. Undan oshqozon kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Yerqalampir oʻziga xos oʻtkir hid va xushboʻy taʼm beradi. Oziq-ovqat sanoatida, turli mahsulotlarni (pomidor, bodring va b.) tuzlashda ishlatiladi. Valkovskiy, Atlant, Suzdal navlari ekiladi. Oʻzbekistonda shaxsiy tomorqalarda, fermer xoʻjaliklarida yetishtiriladi. Oʻtloq Yerqalampir (A. sisymbrioides) — yovvoyi holda uchraydi. Ildizi isteʼmol qilinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil