Yer turlarini oʻzgartirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yer turlarini oʻzgartirish - yerdan foydalanishning bir turini boshqasi bilan almashtirish; yerdan unumli foydalanish yoki tuproq eroziyasining oldini olish maqsadlarida qoʻllaniladi. Bunday tadbir foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi yerlarini joylashtirishdagi kamchiliklarni tugatish hamda qishloq xoʻjaligi yerlarining tarkibi va nisbatini tartibga keltirishga qaratilgan.

Oʻzbekistonning sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida Ye.t.oʻ. tamoyillaridan biri — xoʻjalikka biriktirilgan yer maydonidan maqsadga muvofiq va toʻliq foydalanishni taʼminlashdan iborat. Ye.t.oʻ. hajmi va uni amalga oshirish yoʻllari asosan xoʻjalikda yerlardan yanada unumliroq foydalanish istiqbollari belgilanadigan yer tuzishda aniqlanadi. Ye.t.oʻ. iqtisodiy jihatdan asoslanadi: bunda Ye.t.oʻ.ga ketadigan bir yoʻla harajatlar, bu yerlardan foydalanish tufayli olinadigan qoʻshimcha sof daromad, ekinzorlarni daraxtzorlarga aylantirish natijasida yoʻqotiladigan mahsulot, shuningdek, bu harajatlarning qoplanishi hisobga olinadi.

Yerdan foydalanishda va uni tarmoqlar hamda tarmoq ichidagi taqsimoti jarayonlarida bir toifadan boshqa toifaga oʻtkazish boʻyicha tadbirlar ham qoʻllaniladi. Bunda Ye.t.oʻ. yerlardan asosiy foydalanish maqsadi oʻzgargan taqdirda amalga oshiriladi (qarang Yer tarkibi, Yer resurslari).

Yerlarni yer toifalariga boʻlish va bir toifadan boshqasiga oʻtkazish yerni egalik qilishga va foydalanishga berish huquqiga ega boʻlgan idoralar tomonidan amalga oshiriladi. Ye.t.oʻ. yer uchastkalariga boʻlgan huquqni berish toʻgʻrisidagi qarorlarda, uni tasdiqlovchi guvohnomalarda, shartnomalarda va davlat yer kadastri hujjatlarida koʻrsatiladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi va qishloq xoʻjaligiga oid qonun hujjatlari, T., 1999.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil