Yem-xashak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yem-xashak — q. x. hayvonlarini boqishda ishlatiladigan, tarkibida oʻzlashtiriladigan (hazm boʻladigan) ozuqa moddalari boʻlgan, asosan, oʻsimlik, hayvonot, mikrobiologik va kimyoviy mahsulotlardan iborat ozuqalar.

Olinadigan manbai, i. ch. texnologiyasi, tayyorlash va qoʻllash usuli, hayvonlarning oziqlanishidagi ahamiyatiga qarab Ye.-x. bir necha guruhlarga boʻlinadi. Ye.-x., odatda, koʻkat, xashak, yem, mineral va shirali ozuqalarga boʻlinadi.

Yaylovlardagi tabiiy hamda ekilgan oʻtlar koʻkat ozuqaga kiradi. Koʻkatning quruq moddasi tarkibida protein (6,5—20%), azotsiz ekstraktiv moddalar (35—45%), yogʻ, mineral moddalar, kletchatka va quritilmaganda koʻp miqdorda karotin, vitamin A, S, Ye boʻladi. Silos, ildizmevalar, xashaki poliz ekinlari mahsulotlari shirali ozuqaga kiradi. Bular tarkibida 75—90% hujayra shirasi, turli vitaminlar bor. Mol boqishda qand lavlagi sanoati, spirt va pivochilik korxonalari chiqindilaridan ham shirali ozuqa sifatida foydalaniladi. Quruq beda, pichan, somon, poxol, gʻalla chorisi, shox-shabbadan tayyorlangan ozuqalar, chigit shulxasi va b. xashak (dagʻal xashak) ozuqaga kiradi. Bular tarkibida 25—40% kletchatka boʻladi. Pichan, ayniqsa, dukkak-lilardan tayyorlanganda, oqsil, mineral moddalar va vitaminlarga boy. Xashak hayvonlarni oziqlantirishda toʻyimli moddalar manbai boʻlib, ov-qat hazm qilish sistemasi ishini nor-mallashtiradi. 1 kg beda pichanida 0,5— 0,52 ozuqa birligi, 120 g hazm boʻluvchi protein, 30–50 mg/kg karotin bor.

Arpa, suli, makkajoʻxori, oq joʻxori, noʻxat, tegirmon chiqindilari (kepak, un gardi va b.), yogʻ-moy sanoati chiqindilari (kunjara, shrot — kukun kunjara va b.) yemta kiradi. Bular oqsil, uglevod va b. turli moddalarga boy boʻlib, toʻyimliligi jihatdan boshqa ozuqalardan ustun turadi. Osh tuzi, boʻr, suyak uni, ftorsizlantirilgan pretsipitat, sintetik azotli birikmalar (aminokislotalar, karbamid, ammoniy tuzlari, vitaminli va fermentli preparatlar, ozuqa antibiotiklari, dori-darmon moddalari va b.lar) mineral ozuqaga kiradi. Yirik shaharlar atrofidagi xoʻjaliklarda mol boqishda oshxona va b. ovqatlanish korxonalaridan chiqadigan oziq-ovqat qoldiqlaridan ham ozuqa sifatida foydalaniladi (yana q. Ozuqalar).

Kaudenbay Karibayev, Kurbonxoʻja Gʻulomqodirov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil