Kontent qismiga oʻtish

Yelizaveta Petrosova

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yelizaveta Artyomovna Petrosova (14.08.1913, hozirgi Margʻilon – 1997), Lizaxonim — raqqosa, baletmeyster. Qoraqalpoq sahna raqsining asoschilaridan. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti (1957). Qoraqalpoq ashula va raqs ansamblining tashkilotchisi (1956). Tamaraxonim va Gavhar Rahimovaning singlisi, Yayra Abdullayevaning onasi. Usta Olim Komilov va opalaridan oʻzbek raqsi va ritmlarini oʻrgangan. Ijodiy faoliyatini Andijon teatrida raqqosa va aktrisalikdan boshlagan (1929). Osiyo ("Arshinmol-olon"), Qumrixon ("Oʻrtoqlar"), Qunduzxon ("Niqob yirtildi") kabi obrazlarni yaratgan. 1933—1936-yillarda Samarqand teatrida, 1936—1938-yillarda Oʻzbek davlat musiqali teatrida, 1938—1956-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasida, urush yillari G.Rahimova rahbarligidagi oʻzbek xotin-qizlar front ansamblida raqqosa va baletmeyster. 1956—1965 va 1967—1970-yillarda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat filarmoniyasida baletmeyster va badiiy rahbar. 1985-yildan Gʻaniyeva nomidagi front konsert brigadasi ansamblida faoliyat yuritgan. "Nozigim", "Gul bargi", "Pilla", "Sadr", "Ufori soxta" kabi raqslarni mohirona ijro etgan. "Qashqar qizlari", "Fargʻona qizlari raqsi", "Siynaxiroj" singari raqslarni, "Qoraqalpoq toʻyi" raqs-syuitasi, 70 dan ortiq yakka va ommaviy ijro etiladigan ("Qiz uzatish", "Baliqchilar", "Ilme Sulton", "Choʻponlar", "Oq oltin", "Qirq qiz" va boshqalar) qoraqalpoq raqslarini va spektakllar ("Suymaganga suykanma", "Gʻariboshiq" va boshqalar)dagi raqslarni sahnalashtirgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti laureati (1969)[1].

Ac: Qoraqalpoq raqsi, T., 1976.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil