Yasovul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yasavuldan yoʻnaltirildi)

Yasovul, yasavul — oʻrta asrda turkiy va moʻgʻul xonliklaridagi saroy mansabi. Dastlab, Yasa koʻrsatmalariga asoslangan farmonlarni (hukmdor farmonlarini) ijro etuvchi mansabdor shaxs. Keyinchalik zimmasiga saroyda turli xildagi maʼmuriy-siyosiy mayda topshiriqlarni bajarish yuklangan kichik xizmatchi. Manbalarga koʻra, Ya.lar soliq toʻplash va olingan oʻljaning xonga tegishli qismini hisoblash bilan ham shugʻullanganlar. "Mehmonnomayi Buxoro" asarida aytilishicha, 1509-yil Shayboniyxon Arquqdan Turkistonning sharqiy tumanlariga tagʻor soligʻini yigʻish uchun Ya.lar joʻnatgan. Shuningdek, Shayboniyxon Hisorda boʻlgan chogʻda (1505 yil) Ya.lar tushgan oʻljadan xonga tegishli qismini xon qarorgoxiga keltirganlar, uni xon farmoniga koʻra Samarqandga joʻnatganlar.