Yaqiniy
Yaqiniy (XV asrning 1-yarmi) — shoir. Navoiyning "Majolis unnafois" asarida qisqa maʼlumot berilgan. Yaqiniyning bizgacha faqat "Oʻq va Yoy" munozarasigina saqlanib qolgan. Bu asar Yusuf Amiriy, Ahmadiy anʼanalarining davomi sifatida maydonga kelgan. Yaqiniy otish musobaqasi maydoniga kirgan otliq yigitning qoʻlidagi oʻq va yelkasidagi yoyni koʻrib, majoz yoʻli bilan oʻq va yoy orasida munozara tarzidagi asar yozishga jazm qilgan. Oʻqni yigit va ayni zamonda toʻgʻrilik, rostgoʻylik timsoli, Yoyni esa qari chol hamda egrilik, xushomadgoʻylik timsoli sifatida koʻrsatgan, egrilikni toʻgʻrilik tilidan fosh etgan. Oʻq toʻgʻri soʻzligi uchun barloslar timsoli boʻlgan Girish (yoyning oʻqni tortuvchi ipi) va tarxoniylar timsoli boʻlgan Zihgir (yoyning ikki cheti)lar tomonidan aldanib, uzoqqa otiladi va Yoy atrofini qurshagan salbiy kuchlar qurboni boʻladi. Shoir: "har kim yoydek egri boʻlsa, bu davr kaj taʼblarining yonlaridan yiroq boʻlmas va har kim oʻqtek rost boʻlub, tuz yursa, Yaqiniydek yiroq tushar..." deya xulosa qilib, oʻz davridagi yuqori tabaqa vakillarini va ularning ikkiyuzlamachi malaylarini tanqid qiladi. Asarning yagona qoʻlyozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1j., T., 1977; Abduvohidova M., Oʻzbek adabiyotida munozara, T., 1984.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |