Yangiyoʻl yogʻmoy aksiyadorlik jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"YANGIYOʻL YOGʻMOY" AKSIYADORLIK JAMIYATI — oziqovqat sanoatining yirik korxonasi. "Yogʻmoytamakisanoat" uyushmasi tarkibida. Rafinatsiyalangan paxta moyi, distillangan yogʻ kislotalar, xoʻjalik sovuni, chorvachilik uchun ozuqa boʻlgan shrot va shulxa ishlab chiqaradi. Dastlab 1916 yilda Qovunchi qishlogʻida "Besh bosh" aksiyadorlik kompaniyasi yogʻsovungarlik zavodini qura boshladi. 1917 yilda Oktyabr toʻntarishidan keyin chala qurilgan zd davlat ixtiyoriga olindi va "Glavxlopkoprom" tomonidan 1919—22 yillarda 8 ta pressi boʻlgan va quvvati 25 t/sutka chigitni qayta ishlaydigan korxona (4yogʻ zavodi) qurilishi va montaji yakunlandi. 1922 yil 10 iyunda ishga tushirildi. 1930 va 1937 yillarda korxona rekonstruksiya qilindi, qoʻshimcha 4 ta yogʻ pressi oʻrnatildi. 1956 y.da korxona sobiq qand zavodi (1950 y.gacha ishlangan) hududiga koʻchirildi, 1960 yilda yogʻ-moy kombinatiga aylantirildi, 14 ta shnek press oʻrnatildi, 2 ta ekstraksiya liniyasi ishlay boshladi, chigitni qayta ishlash boʻyicha quvvati sutkasiga 500 t ga, sovun sexining sutkalik ishlab chiqarish quvvati 42 t ga yetkazildi.

1980 yilga kelib kombinatda sutkasiga 800 t chigitni qayta ishlash quvvatiga erishildi, ekstraksiya sexidagi shnek bugʻlatkichlar oʻrniga tosterlar oʻrnatiladi, missellani filtrlash uchun diskli filtrlar oʻrnatildi. 1994 yilda korxona ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 1999 yilda paxta moyini 1 va 5 litrli polietilen idishlarga qadoqlaydigan boʻlim, 2000 yilda shrotni qadoqlash boʻlimi,2002 yilda ishlab chiqarish quvvati sutkasiga 50 t boʻlgan dezodoratsiya boʻlimi ishga tushirildi. 2004 yilda 250 g li 60% li xoʻjalik sovunini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

2003 yilda korxonaga xorij investitsiyasi jalb etildi. Korxonadagi barcha boʻlimlar zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan.

2004 yilda korxonada 8,9 ming t paxta yogʻi, 14,8 ming t xoʻjalik sovuni, 27,9 ming t shrot, 21,8 ming t shulxa mahsulotlari isteʼmolchilarga yetkazib berildi. Mahsulotlari ichki bozorda sotiladi, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinadi.