Yagana

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yagana, yaganalash — ekinlarning qalinligini meʼyordagi zichlikka keltirish uchun siyraklash; qatordagi yoki oʻsimlik uyalaridagi ortiqcha (kasallangan, yaxshi avj olmagan) nihollarni olib tashlash. Oʻsimlikning jadal rivojlanishi va moʻl hosil toʻplashini taʼminlaydigan agrotexnik tadbirlardan biri. Vegetatsiya davrining boshida oʻsimliklarning oʻsib, rivojlanishiga qulay sharoit yaratish va sifatli hosil olish maqsadlarida oʻtkaziladi. Barcha chopiq qilinadigan ekinlar (gʻoʻza, qand lavlagi, don uchun ekilgan makkajoʻxori, sabzi, sholgʻom, kungaboqar va boshqalar) Ya. qilinadi. Ya. kultivatorlar, maxsus Ya.lash mashinalari yordamida yoki qoʻlda bajariladi. Ya. gʻoʻza, qand lavlagi 2 chinbarg chiqarganidan soʻng , sabzavot ekinlarida ildizmeva hosil boʻlayotgan davr boshida oʻtkaziladi. Gʻoʻza qator orasi 60 sm qilib ekilganda har bir metrda 8—9 tup koʻchat qoldirilishi, ildizmevalilarda Ya.dan keyin tup orasi sholgʻomda 5—7 sm, sabzida 3—5 sm boʻlishi kerak; qovoq, qovuntarvuzda har uyada bir tupdan (Ya. chopiq paytida bir yoʻla oʻtkaziladi) nihol qoldiriladi. Ya. kechikib oʻtkazilsa, tuproqdan oziq moddalar koʻp yoʻqotiladi va tuproq nami kamayib, oʻsimliklar bir-birini siqib qoʻyadi, ildizlari chalkashib oʻsishi sekinlashadi, hosildorlik pasayadi, baʼzan ekinlar nobud boʻladi.