Kontent qismiga oʻtish

Xurshid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xurshid (taxallusi; asl nomi Sharafiddinov Shamsiddin) (1892. 20.6 —Toshkent —1960.13.9) — shoir va dramaturg. Oʻzbekiston milliy musiqali drama teatri asoschilaridan biri. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1941). Toshkentdagi madrasalarning birida, soʻng rustuzem maktabida (1908—10) oʻqigan. Otasi vafotidan keyin 1910-yilda oʻqishni tashlab, Andijonga borgan va 1918-yilga kadar prikazchik boʻlib ishlagan. X. Andijondalik paytida Qrim, Tatariston va Ozarbayjonda nashr etilgan gaz. va jurnallar bilan tanishgan. 1918-yilning yoz oylarida Toshkentga qaytib, oʻqituvchilar tayyorlash 4 oylik kursida oʻqigan, soʻngra "Behbudiy" va "Namuna" maktablarida oʻqituvchilik qilgan (191820). 1920-yildan boshlab Eski shahar xalq maorif boʻlimida xodim va Mannon Uygʻur rahbarligidagi teatr truppasida suflyor, "Mushtum" jurnal tahririyatida texnik muharrir (1924— 26), Andijon viloyat teatri (1929— 33) va Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida (1933—48) adabiy emakdosh, Til va adabiyot instituti qoshidagi Adabiyot muzeyida ilmiy xodim (194960).

X.ning dastlabki sheʼrlari 1914-yilda "Turkiston viloyatining gazeti", "Sadoi Turkiston" gaz.lari, "Tarjimon", "Oyna" jurnallari va "Tuhfai Xislat" bayozida (1914) "Xoib" taxallusi bilan eʼlon qilingan. Oʻz sheʼrlarini jamlab, "Devoni Shohidiy" nomi bilan devon ham tuzgan (1912). Shoir keyinchalik "Mushtum" jurnalda bosilgan hajviy sheʼrlarida "Oʻjar", "Tajang", "Chayon" kabi taxalluslardan foydalangan.

X.ning 1920-yildan keyingi ijodiy faoliyati asosan teatr bilan boglik. X. dramaturg sifatida 20 ga yaqin katta va kichik hajmli pyesalar yaratgan. Ayniqa, M. Uygʻur truppasi bilan hamkorlik qilgan yillarda "Yomon oʻrtoq", "Tuganmas boylik", "Kichik askar", "Buyuk askar" kabi sahna asarlarini yozgan. "Jadid, qadim" va "Juvonbozlik qurboni" pyesalari X.ning dramaturg sifatida muayyan tajriba hosil qilganidan darak berdi. Shundan keyin u oʻzbek dramaturgiyasida birinchi marta Navoiy "Xamsa"siga kirgan dostonlar asosida musiqali dramalar yozishga kirishgan. Uning "Layli va Majnun" musiqali dramasi 1923-yilda, "Farhod va Shirin" musiqali dramasi esa 1926-yilda davlat namuna truppasi tomonidan sahnalashtirilgan. X. keyinchalik bu 2 asarning ham musiqali teatr, ham opera teatri uchun bir necha nusxalarini yaratgan va bu asarlar respublika teatrlari sahnasida uzoq vaqt davomida muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan. X., shuningdek, "Qalin" (1930), "Siyovush" (Firdavsiyning "Shohnoma" asari asosida, 1945), "Oybonu" (1955) musiqali dramalarining xam muallifidir.

X.ning musiqiy dramalar va opera librettolari uchun "Dugoh", "Segoh", "Chorgoh", "Ushshoq", "Bayot" singari xalq kuylariga moslab yozgan aksar qoʻshiqlari oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining mumtoz namunalariga aylangan va yetakchi hofizlar repertuaridan oʻrin olgan. X. oʻzbek milliy jurnalistikasi, publitsistikasining qaldirgʻochlaridan biri sifatida 20-asrning 10—20-yillarida gaz. va jurnallarda dolzarb mavzulardagi maqola, taqriz va felyetonlar chop ettirib turgan.

X. Til va adabiyot institutida ishlagan paytida "Yusuf va Zulayho" dostonini, Munis va Ogahiy kabi shoirlarning asarlarini nashrga tayyorlagan. U badiiy tarjima bilan ham shugʻullanib, 20-yillarda nomaʼlum mualliflarning "Shahzoda va tilanchi", "Avvali hoy, oxiri voy" asarlarini ozarbayjon tilidan tarjima qilgan, 50-yillarda esa Hofiz Sheroziyning bir qancha asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

Respublika xukumatining qarori bilan atoqli shoir va dramaturg X. tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi (1995). Toshkentdagi mahalla, koʻcha, maktab va kinoteatrlardan biriga X. nomi berilgan.

  • Tanlangan asarlar, T., 1967.
  • Nasriddinov B., Xurshid, T., 1972; Nasriddinov B., Xurshid. Hayoti va ijodi haqida monografik ocherk, T., 1975.