Kontent qismiga oʻtish

Xoreografiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xoreografiya (yun. choreia — raqs va grafiya) — 1) shartli belgilar asosida yoki soʻzlar bilan bayon etish orqali raqsni yozish. XV asr oxiridan raqsni yozish boʻyicha urinishlar boʻlgan boʻlsa-da, asosan, XVII asr oxiri — XVIII boshlaridagina bal va sahna raqsi nazariyasi ishlab chiqilgani tufayli bir guruh fransuz baletmeysterlari va raqs oʻqituvchilari (P. Boshan, R. Fyoye, Favye, P. Romo) raqsni yozib olish tizimini ishlab chiqdilar. "X." atamasi dastlab R. Fyoye tomonidan "Xoreografiya yoxud raqs yozuvi sanʼati" kitobi (1700)da qoʻllangan. XX asr davomida dunyoning turli mamlakatlarida raqs yozishning 70 dan ortiq tizimlari joriy qilingan boʻlib, shu asosda xalq raqslari, balet spektakllarini yozib olish yoʻlga qoʻyilgan. Ularni, asosan, 3 toifaga boʻlish mumkin: raqs harakatlarini shartli belgilar bilan ifoda qilish, soʻz bilan bayon etish va nota yozuvida shartli belgilar qoʻshib yozish. Oxirgi bandi Xitoy va Janubiy Koreyada keng tarqalgan. Oʻzbekistonda garchi raqs asrlar davomida yashab, rivojlanib kelgan boʻlsa-da, oʻtmishda raqs yozilmagan. Natijada qanchadan qancha mumtoz va xalq raqslari izsiz yoʻqolib ketgan. 1936—41-yillardagina etnograf Iraida Vaxta "Katta oʻyin" nomli Fargʻona raqs turkumini soʻz bilan yozib olgan. Unga Gʻulom Zafariy va musiqashunos Ye. Romanovskaya yaqindan yordam bergan. Shu davrda Usta Olim Komilov bilan Tamaraxonim "Doyra darsi" mashg‘ulotlarini yaratib, shu asosda yosh ijrochilarni tarbiya qila boshlagan. Ammo raqs yozuvini yaratish uchun muayyan bir tizim ishlab chiqish lozim edi. Bu ishni Roziya Karimova raqs harakatlari asosida ishlab chiqdi. "Fargʻona raqsi", "Xorazm raqsi", "Buxoro raqsi", qoʻllanmalari, "Oʻzbek raqslari" darsligi va boshqa; 2) xalq raqsi yoʻnalishidagi va balet spektakllarini ijod qilish sanʼati. Shu maʼnoda "X." atamasi XIX asr oʻrtalaridan qoʻllana boshlagan. Shu sababli "baletmeyster" atamasi oʻrniga baʼzan "xoreograf" atamasi ishlatiladi; 3) sanʼatshunoslikda XIX asr oxiri — XX asr boshlaridan "X." atamasi umuman raqs sanʼatini, balet teatrini ifodalovchi keng maʼnoda ishlatila boshlandi. (Yana q. Raqs).

Ad..Karimova R., Oʻzbek raqslari, T., 2003.

Muhsin Qodirov.