Xonaqoh masjidi majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xonaqoh masjididan yoʻnaltirildi)
Xonaqoh masjidi majmuasi
Umumiy maʼlumot
Manzili Qoʻrgʻoncha mahallasi
Shahar Qarshi
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Qurilishi tugagan 1677-yil

Xonaqoh masjidi majmuasi — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Qoʻrgʻoncha mahallasida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Xalq orasida Xonaqoh nomi bilan mashhur. Bu masjid XIX-XX asrlardagi oʻzbek meʼmorchiligining qadimiy inshootlari jumlasiga kiradi[1][2]. Hozirgi kunda Xonaqoh masjidi imom xatibi Ahmad Boyqobilov[3].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonaqoh masjidi qurilishi Abdurahmon Xalifa tashabbusi bilan qoʻrgʻoncha aholisi tomonidan hashar tariqasida nihoyasiga yetkazilgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Xonaqoh masjidi 1677-yilda bitkazilgan. Shoʻro davrida masjid xaroba holga kelib qolgan. 1962-yilda Qoʻrgʻoncha va Qizil Masjid mahallalari aholisi saʼy-harakati bilan masjid butkul vayron boʻlishdan saqlab qolinadi. 1974-yilda majmuadagi minora ogʻishib qolgan va taʼmirlash oʻrniga buzib tashlangan. Ushbu majmuadagi masjid 1991-yilda toʻla qayta taʼmirdan chiqarilib, unga jome masjid maqomi berildi. 1996-yilda minora qaytadan tiklandi[4].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonaqoh masjidi minorasi qayta ta‘mirlangan xolati (2023-yil)

Majmua masjid, darvozaxona, sagʻana (qabr), toshqudugʻi va minoradan iborat boʻlgan. Majmuaning asosiy binosi — masjid XVII asrning oxirgi choragida anʼanaviy meʼmoriy uslubda, uymakor ustunlar, bezakli toʻsinyog'ochlar va g'ishtlardan bunyod qililgan. Hozirgi kungacha saqlanib qolinmagan majmuaning darvozaxonasi masjidning shimol qismida joylashgan. Darvozaxona chorgʻishtlardan tiklangan, uning kirish joyi gumbazli qilib yopilgan. Gʻarbdan sharqqa qaratib qurilgan darvozaxonaning kun chiqish (sharqiy) tomonida sal boʻrttirib, chorgʻishtlardan terilgan peshtoqi boʻlgan. Masjidning gʻarbida uch tarafidan gʻishtli devor bilan oʻrab olingan qadimiy sagʻana saqlangan. Sagʻanadagi qabrning boshiga qoʻyilgan marmar lavhadagi arabiy yozuvda koʻrsatilishicha, bu yerga shayx Abduraxmon Naqshbandiy dafn qilingan[4].

Masjiddan shimolroqda 5-6 metr (qadam) narida kvadrat shakldagi 14 metrlik toshqudugʻi mavjud. Hovuzning yetti qator toshdan terilgan zinalari boʻlib, u doimo yonidan oqib oʻtgan ariq suvi bilan toʻla turgan.

Majmuaning oxirgi inshooti masjidning sharqiy tomonidan 5-6 metr uzoqlikdagi, balandligi 10-11 metrdan (ayrim manbalarda 14 metr) iborat minoradir. Minoradan azon aytib turilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204 bet.
  2. „Qarshi shahrining hozirgi kungacha saqlangan meʼmoriy yodgorliklari“. 2023-yil 20-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 31-avgust.
  3. „Xonaqoh masjidi imom xatibi“.
  4. 4,0 4,1 Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 647 bet.