Xon Sulton

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xon Sulton
خان سلطان
Tavalludi 1190
Vafoti 1227
Fuqaroligi Xorazmshohlar davlati
Moʻgʻullar davlati
Turmush oʻrtogʻi Usmon
Joʻji
Bolalari Berke
Berkechar
Buri
Otasi Muhammad Xorazmshoh

Xon Sulton (forscha: خان سلطان) (11901227) — Xorazmshohlar davlati malikasi, Muhammad Xorazmshohning qizi, Jaloliddin Manguberdining opasi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazmshoh Muhammadning qizlaridan biri boʻlgan Xon Sultonning onasi kim boʻlgani nomaʼlum. Faqat buvisi Turkon xotun ajdodlari orqali qipchoq xonlariga borib taqalishi aytiladi. 1210-yilda Xorazmshohlar saroyida garovda boʻlgan Qoraxoniylar davlati valiahdi Usmonga turmushga chiqqan. 1212-yili Samarqandda Xorazmshohlar davlatiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolondan keyin uni oʻldirmoqchi boʻlgan Usmondan qochib qalʼaga yashirinib oladi va eriga shunday mazmundagi maktub bitadi.

Men bir ayolman, meni oʻldirishing sharmandali holatdan boshqa narsa emas. Men senga hech qanday yomonlik tilagan emasman. Meni tirik qoldirish orqali hayotingdagi eng marhamatli ishni amalga oshirgan boʻlasan.

Qoʻzgʻolon Xorazmshoh Muhammad tomonidan shavfqatsizlarcha bostirilgan. Xorazmshoh Muhammadning buyrugʻi bilan Usmon va uning barcha qarindoshlari qatl qilinadi. Suloladan taxtga daʼvo qilishi mumkin boʻlgan birorta vakil qolmaydi. Shu tariqa Qoraxoniylar davlati ham barham topadi[1][2].

Keyingi taqdiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xon Sulton 1219-yilda moʻgʻullar bosqini arafasida bir qancha Xorazmshoh sulolasi vakillari, shuningdek, katta miqdordagi xazina bilan poytaxt Gurganchni tark etgan. Qochqinlar Qoraqurum choʻlini kesib oʻtib, Ilol qalʼasiga borib sigʻinishadi. Qalʼa 4 oylik qamaldan soʻng egallanadi. Xorazmshoh Muhammadning onasi, qizlari va xotinlari Chingizxon qarorgohiga yuboriladi. U yerda asirlar Chingizxon avlodlari orasida boʻlib olinadi. Manbalarda Xon Sulton Joʻjiga nikohlab berilgani aytiladi. Nikohdan Berke, Berkechar va Buri ismli farzandlar tugʻilgani taxmin qilinadi[3].

Joʻjining 1227-yilda vafot etishi munosabati bilan ukasi Jaloliddin Manguberdiga moʻgʻullar haqida maʼlumotlar yetkazgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Теркен-хатун. Повелительница женщин мира“. 2019-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 13-mart.
  2. Ибн ал-Асир. Полный свод истории .
  3. „Династии кыпчакских ханов“. 2020-yil 8-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 13-mart.