Kontent qismiga oʻtish

Xivchinlilar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xivchinlilar (Mastigophora) — sarkomastigoforalar tipiga mansub bir hujayrali hayvonlar sinfi (boshqa sistemaga koʻra kenja tip). 2 kenja sinf — oʻsimliksimon xivchinlilar va hayvonsimon xivchinlilarga ajratiladi. Oʻsimliksimon xivchinlilarni botaniklar oʻsimliklar dunyosiga kiritishadi. Xivchinlilarga 13turkumga birlashtiriladigan 7000 dan ortik, tur kiradi. Tanasi duksimon, tuxumsimon, silindrsimon, sharsimon va boshqa shaklda. Uzunligi 2—3 mkm dan (leyshmaniya) 1 mm gacha (ayrim opalinalar). Xivchinlari 1 tadan bir necha mingtagacha, uz. bir necha 10 mkm. Ayrim xivchinlilar xivchini asosida kinetoplast (kelib chiqishi bilan mitoxondriyalarga yaqin boʻlgan DNK saqlovchi organoid) boʻladi (kinetoplastidlar). Koʻpchilik dengiz va barcha parazit xivchinlilarning qisqaruvchi vakuoli boʻlmaydi. Hujayra yadrosi, odatda, bitta; 2 yadroli (lyambliya) va kup yadroli (opalinalar) xivchinlilar ham bor. Odatda, boʻyiga 2 ga boʻlinish orqali jinssiz koʻpayadi. Bu jarayon oxirigacha bormaganida (boʻlinadigan individlar ajralib ketmaydi) koloniya hosil boʻladi. Koʻpchilik xivchinlilarda jinsiy koʻpayish gametalar kopulyatsiyasi orqali boradi. Tuban xivchinlilarda jinsiy koʻpayish izogamiya (bir xil tipdagi jinsiy hujayralarning qoʻshilishi), boshqalarda geterogamiya (har xil tipdagi hujayralarning qoʻshilishi)dan iborat. Erkin yashovchi xivchinlilar (5100 ga yaqin) chuchuk suv va dengizlarda, qisman tuproqda uchraydi. Tabiatda moddalar aylanish jarayonida katta ahamiyatga ega (ayniqsa, plankton xivchinlilar). Koʻpchilik xivchinlilar suvlar ifloslanishining biologik indikatorlari hisoblanadi. Bir qancha xivchinlilar odam va hayvonlarda parazitlik qilib, ogʻir kasalliklar (tripanosoma, leyshmaniya va boshqalar)ga sabab boʻladi. Ayrim xivchinlilar termitlar ichagida simbioz yashab, qiyin hazm boʻladigan oziq moddalarning hazm boʻlishiga yordam beradi.