Xeylit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xeylit (yunoncha: cheilos — lab) — lablarning yalligʻlanishi; bunda lablarning qizil hoshiyasi, shilliq pardasi va terisi yalligʻlanadi. X.ga lab yorilishi, kuyishi, turli shikastlar, oftobda, izgʻirinda uzoq turib qolish, parazit zamburugʻlar yoki viruslar, shuningdek, meʼdaichak faoliyatining buzilishi, yurak kasalliklari, organizmda vitaminlar (xususan, V guruh vitaminlar) yetishmasligi yoki allergiya (turli boʻyoqlar, lab boʻyogʻi) sabab boʻladi.

Oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir X.da lab qizaradi, shishadi va bezillab turadi; baʼzan yiringlaydi (qarang Abssess), temperatura koʻtariladi, bosh ogʻriydi. Surunkali X.da lab pust tashlaydi, uzoq vaqtgacha bitmaydigan yoriklar, yarachalar paydo boʻladi, lab bichiladi, shishadi va kattalashadi. Kasallikning ilk belgilari paydo boʻlganda darhol vrachga murojaat etish va davolanish lozim.

X.ning oldini olishda shikastlangan labni rivanol, kaliy permanganat (margansovka) yoki furatsilin eritmasiga hoʻllangan bint, paxta bilan tozalab artish; oftobda kuygan yoki shamolda yorilgan boʻlsa, tarkibida A vitamini boʻlgan yumshatuvchi mazlar surtish tavsiya etiladi.