Xayr-ul bayon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boyazid Ansoriyning „Xayr ul-bayon“i koʻp tilli yodgorlikdir. Undan XV va XVI asr chegaralarida va undan ham oldinroqdagi pashtoʻ tili bilan bir qatorda arabiy (qurʼoniy) til va dariy (tarjima) tili yuzasidan qimmatli maʼlumotlarni ham olish mumkin.

Tyubingen qoʻlyozmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Xayr-ul bayon“ bizgacha XVII asrning ikki nusxali qoʻlyozma shaklida, baxtli tasodif tufayli yetib kelgan. Chunki, roʻshoniylar harakati va maslagining ashaddiy dushmanlari — hukmron doiralar vakillari, qudratli afgʻon xonlari, zohiriy din vakillari roʻshoniylar harakatini faqatgina bostirish emas, roʻshoniylar gʻoyalarini qabul qilgan, Boyazid Ansoriyning qarashlariga moyillik bildirganlar xotirasidan bu gʻoyalarni chiqarib yuborishga har taraflama harakat qildilar. Hozirgi paytda bu asar qoʻlyozmasining ikki nusxasi saqlanib qolgan. Bu yodgorlikning bir nusxasi nomaʼlum sabablar bilan Olmoniyaning Tyubingen shahri universiteti kutubxonasiga borib qolgan va u yerdan 1959-yil peshovarlik adabiyotshunos Mavlono Abdulqodir tomonidan topilgan. Olimlar orasida Boyazidning qarashlari va taʼlimoti, shuningdek, roʻshoniylar maslagi mafkurasiga bugunisicha, koʻproq daliliy tavsif berishga umid uygʻondi. Koʻp oʻtmay, asar haqida Afgʻonistonda, Pokistonda, Sobiq Ittifoqda, Sharq va Gʻarbning ayrim boshqa mamlakatlarida maqola va axborotlar paydo boʻldi. Zalmay Hivodmal Hindistonda pashtoʻ qoʻlyozma kitoblari haqida maʼlumotlar toʻplash uchun xizmat safarida yurgan chogʻida Haydarobod shahrining Salarjang muzeyida kutilmaganda „Xayr ul-bayon“ qoʻlyozmasining ikkinchi, anchagina mukammal nusxasini topib oldi. Ushbu qoʻlyozmaning birinchi nusxadan asosiy farqli va qimmatli tomoni shunda ediki, Olmoniyadagi qoʻlyozmada asarning asosiy mazmuni arabiy va forsiy qistirmalar bilan faqat pashtoʻ tilida yozilgan boʻlsa, Boyazid bu nusxada asarning bir xil mazmunining oʻzini 4 tilda: avval arabcha, keyin forscha, pashtoʻcha va nihoyat panjobcha tillarda ifoda etgan."Xayr ul-bayon" qoʻlyozmasining pashtoʻ matnida koʻpgina imloviy va leksik-grammatik, kalligrafik xususiyatlar ham borki, ularni bilmay turib yodgorlikning matnini oʻqish va tushunish amri maholdir.

Asar mazmuni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boyazid Ansoriy taʼlimoti jihatidan Oʻrta asrlar yangiligining shakllaridan biri boʻlib boʻlib, bu yangilikning falasafiy asosinini tasavvufdagi Vahdat ul-vujud konsepsiyasi tashkil etadi. Boyazid taʼlimotining navbatdagi muhim tomoni — Xudoni bilishdagi ruhiy kamolotning 8 maqomi va takomil bosqichlarining batafsil va aniq taʼriflab berilganidir. Ayni shu gʻoyalar Piri Rushon taʼlimotining asosiy gʻoyasini tashkil qiladi. Boyazid Ansoriy „Xayr ul-bayon“ni 40 bayon (bob-qism)dan iborat deb yozadi. Shunga qaramay, Tyubingen qoʻlyozmasida faqat ayrim joylardagina bayon soʻzi uchraydi, uning soni esa qirqqa yetmaydi. Agar pashtoʻ tilidagi matnning abzas-bandlari yoki mavzu boʻlinishlarini bayon deb nomlasak, unda bayonlar soni yuzdan oshib ketgan boʻlardi. Muallif unda oddiy bayon yoʻlidan bormay, dialog shaklini tanlagan. Bu diniy mavzularni sharhlashda maʼqul shakllardan hisoblanadi. Chindan ham, risolada boshdan-oyoq Boyazid bilan Haq taolo oʻrtasida oʻziga xos suhbat olib boriladi: Boyazid doim Xudoga qisqa, ritorik savollar, iltimos, iltijo, xitoblar bilan murojaat etadi. U esa, oʻz navbatida, birin — ketin alohida bandlarda, parchalar holida oʻzi tanlagan zot — Boyazidga oʻz hukmi (ilhom-amr)ni, avvalo oʻz kitobida qayd qilish, keyin odamlarni ular yuzasidan ogohlantirish uchun alohida bayonlarda „nozil“ etadi.[1]

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurahim Mannonov- Afgʻoniston xalqlari folklori va mumtoz adabiyoti tarixi, Toshkent −2001-yil

  1. Abdurahim Mannonov. Afg'oniston xalqlari folklori va mumtoz adabiyoti tarixi (O'zbek), Toshkent, 2001.