Xayit Toʻrayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xayit Toʻrayev
Tavalludi 25-may 1957-yil (1957-05-25) (66 yosh)
Boysun tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Termiz davlat universiteti
Taʼlimi Toshkent politexnika instituti
Ilmiy darajasi kimyo fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Xayit Xudaynazarovich Toʻrayev (1957-yil 25-may, Boysun tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekison SSR) — oʻzbekistonlik olim, kimyo fanlari doktori, professor.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xayit Toʻrayev 1957-yil 25-may Boysun tumanida tugʻilgan[1]. 1983-yilda Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetini tugatgan. 1983—1985-yillarda Termiz davlat pedagogika instituti yoshlar qoʻmitasi raisi, 1985—1988-yilarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi yadro fizikasi instituti aspiranti, 1988—1991-yillarda Termiz davlat pedagogika instituti kimyo kafedrasi katta oʻqituvchisi, 1991—1996-yillarda Termiz davlat universiteti anorganik va analitik kimyo kafedrasi mudiri, 1996—1999-yillarda Termiz davlat universiteti doktoranti, 1999—2005-yillarda Termiz davlat universiteti anorganik va analitik kimyo kafedrasi mudiri, 2005—2010-yillarda Termiz davlat universiteti akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash boʻyicha prorektori, 2010—2012-yillarda Termiz davlat universiteti maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor vazifasini bajaruvchi, 2012-yildan buyon Termiz davlat universiteti kimyo fakulteti dekani[1]. 2014-yil 2-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining kimyo va farmatsevtika fanlari boʻyicha ekspert kengashi aʼzosi[1].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1985—1988-yillarda aspiranturada, 1995—1998-yillarda doktoranturada tahsil olgan. 1990-yilda „Ditiofosfat kislotasi hosilalari yordamida nodir metallar ekstraksiyasi va ularni radioaktivatsiya usulida aniqlash“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1998-yili „Nodir metallarning tarkibida oltingugurt va fosfor boʻlgan ligandlar bilan koordinatsion birikmalari va ularni ekstraksiya-sorbsiya metodlari yordamida ajratish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan[1]. 2005-yildan noorganik kimyo ixtisosligi boʻyicha professor. Xayit Toʻrayevning nodir metallar kimyosi va analiziga bagʻishlangan 860 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan boʻlib, shundan 2 ta darslik, 8 ta oʻquv-metodik qoʻllanmalar, 14 ta monografiya, 5 ta mualliflik guvohnomasi, 6 ta patentlaridir. 2021-yil „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi“ esdalik nishoni bilan taqdirlangan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE