Xartum (burun)
Xartum –sudralib yuruvchi (masalan, yumshoq toshbaqa) va sut emizuvchilar (koʻpchilik hasharotxoʻrlar, tapir, ayrim kurakoyoklilar, fil va boshqalar) tumshugʻining uzaygan burun qismi. Burun teshiklari xartum uchiga ochilgan. Nafas olish, hid bilish va tuygʻu funksiyasini bajaradi. Xartum fillarda yaxshi rivojlangan. Fil xartum burunning chuzilib, yuqori lab bilan qoʻshilib oʻsishidan hosil boʻlgan. Fil xartumi uchidagi barmoqsimon oʻsimtasi yordamida ozigʻini qamrab oladi, uni paypaslab koʻradi va buyumlarni tutib turadi. Baʼzi umurtqasiz hayvonlardagi soʻrish vazifasini bajaruvchi tananing koʻrinishi oʻzgargan oldingi kismi yoki uning oʻsimtasi ham xartum deb ataladi. Ayrim turbellyariyalar, nemertinlar, xartumli zuluklar va qorinoyokli mollyuskalar xartumi yordamida oʻljasini jonsizlantiradi va ushlaydi, shuningdek, oʻzini himoya qiladi. Parazit chuvalchanglar ilmoq xartumi yordamida ichak devoriga yopishib oladi. Fil xartumi bilan soʻrib olgan suvni ogziga yuboradi.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |