Xarasimon suvoʻtlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xarasimon suvoʻtlar (Charophyta, charophyceae) — yuksak tuzilgan suvoʻtlar guruhi. Tuzilishi qirqboʻgʻimlarga oʻxshaydi. Boʻyi 1 m gacha. Tanasi boʻgʻimlarga boʻlingan; "poya" va "barg"lardan, har bir boʻgʻimda halqa boʻlib joylashgan kalta silindrsimon shoxchalardan iborat. Har bir halqadagi barglardan birining barg qoʻltigʻidan asosiy poyaga oʻxshagan yon "poya" oʻsib chiqadi. Tanasining pastki qismi balchiqqa yoki qumga botib turadi. Vegetativ koʻpayadi. Xarasimon suvoʻtlar paleozoy erasining oʻrtalarida keng tarqalgan, toʻrt qabilasi qolgan. 3 oila va 7 turkumga birlashgan 300 turi maʼlum. Oʻzbekistonda nitella, nitellopsis, lamprotamnium va boshqa turlari tarqalgan.

X.s, koʻpincha chuchuk va shoʻr suvli havzalarda uchraydi. Oʻzbekistonda, asosan, koʻl, zovur, sholipoya va qisman daryo, ariq va buloqlarda xarazorlarni hosil qiladi. Bir gektar maydondan 30—330 t toʻyimli va ozuqabop biomassa olinadi.