Xamsachilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xamsachilik — Sharq xalqlari adabiyotida dostonnavislik shakllaridan biri; "Xamsa" yozish bilan bogʻliq adabiy anʼana. Nizomiy Ganjaviy asos solgan.

Ijodkorlar Nizomiy "Panj ganj"ini ("Besh xazina") tashkil etuvchi "Mahzan ul-asror", "Xusrav va Shirin", "Layli va Majnun", "Haft paykar", "Iskandarnoma" dostonlarining mavzui, syujet va kompozitsiyasi, qahramonlari, vazni, joylashish tartibini saqlagan holda mustaqil asar yaratganlar. Bu badiiy ijodda katta mahorat maktabi sanalgan. Xamsa dostonlarining har biri mavzuyi, qahramonlari, hatto qoʻyilgan masalalarigacha aniqlikka ega boʻlib, bu janrda ijod qilgan yozuvchi oʻz mahoratini ana shu anʼanaviy vositalar yordamida koʻrsatishi, shu orqali oʻz davri ideallarini ifodalashi lozim boʻlgan. Anʼanaga koʻra, Xamsadagi 1-dostonning asosini falsafiy-axloqiy masalalar tashkil etgan. 2—3 dostonlar sevgi orqali aks ettirilgan ijtimoiy-maʼnaviy masalalarni yorituvchi mavzu asosida uyushgan. 4-doston sarguzasht asar boʻlib, unda adolatli shoh masalasi koʻtarilgan. Soʻnggi doston avvalgilarining xulosasi, umumlashmasi boʻlib, unda ijodkorning maʼnaviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlari aks etgan. Sharqda badiiy qimmati turlicha boʻlgan 50 dan ortiq xamsalar vujudga kelgan. Xamsaning alohida dostonlariga javoblar ham yozilgan. Lekin bizgacha bu asarlarning hammasi ham yetib kelgan emas. Xamsa dostonlaridan faqat birigagina javob yozib, yuksak darajada shuhrat qozongan ijodkorlar ham boʻlgan (Fuzuliy, "Layli va Majnun"). Xamsada eng koʻp dostonlar "Layli va Majnun" mavzusida yaratilgan. Keyingi oʻrinlarda tegishli ravishda "Xusrav va Shirin", "Mahzan ul-asror", "Iskandarnoma", "Haft paykar" mavzusidagi dostonlar turadi.

Xamsanavislar o'z asarlarida epik-romanik, qahramonlik yoki sufiylik mavzusini birinchi o'ringa qoʻyganlar. Nizomiy Ganjaviy "Xamsa"sining syujet va mavzulari turli xalqlar badiiy adabiyotlariga taʼsir etib, 13— 20-asrlar mobaynida 600 dan ortiq asar yaratilgan.

Nizomiy "Xamsa"sini fors tilida yozgan. Boshqa xalqlar Xamsa anʼanasini oʻz tillarida davom ettirganlar. Turkiy, urdu, pushtu, kurd, arman va boshqa tillarda xamsalar yaratilgan. Davrlar oʻtishi bilan muayyan ijtimoiy-siyosiy sharoitda belgilangan mavzu, syujet, kompozitsiya, obrazlarga ega boʻlgan "Xamsa" dostonlarining mazmuni, tarkibi oʻzgarib borgan. Xamsa. anʼanasi Kavkazorti, Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston mamlakatlarida davom ettirilgan.

Turkiy xalqlar adabiyotida Xamsaga qiziqish 13—14-asrlardan boshlangan. Qutb Xorazmiy Nizomiyning "Xusrav va Shirin" dostonini, Haydar Xorazmiy sheʼriy shaklini saqlagan holda ayrim oʻzgarishlar bilan "Mahzan ul-asror" dostonini turkiy tilga tarjima qilgan. Turkiy (oʻzbek) tilida "Hayrat ul-abror", "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Sabʼai sayyor", "Saddi Iskandariy" nomlari bilan 5 doston — "Xamsa" yaratgan Alisher Navoiy Xamsa. taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan va X.ni turkiy xalqlar adabiyotida Nizomiy darajasiga kutardi. Bunda Navoiy oʻzigacha boʻlgan buyuk xamsanavislar — Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiylarni uziga ustoz deb bildi va ularning X.dagi gʻoyaviy-badiiy anʼanalarini mahorat bilan rivojlantirdi. Xamsa.ni yuqori pogʻonaga olib chiqdi. Navoiy X.da anʼanaviy obrazlar hisoblangan Farhod, Shirin, Dilorom, Layli, Majnun, shohlardan Xusrav, Bahrom, Iskandar obrazlarini yangicha, oʻz davri adabiyotining insonparvarlik gʻoyalari nuqtai nazaridan talqin etdi. Navoiy "Xamsa"si turli xalqlar dostonchiligining keyingi taraqqiyotiga ijobiy taʼsir qilgan. Oʻzbek shoiri Xoja ("Maqsad ulatvor"), turk shoiri Lomiy va uygʻur shoiri Nizoriy ("Farhod va Shirin"), ozarbayjon shoiri Fuzuliy ("Layli va Majnun") oʻzlarining dostonlarini Navoiyning "Xamsa" dostonlari taʼsirida yaratganlar. Navoiy "Xamsa"si ayni vaqtda oʻzbek adabiy tilining boyligi, mukammal va rang-barangligini ham namoyish etadi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bertels Ye. E., Nizami i Fizuli, M., 1962; Bertels Ye.E., Navoi i Djami, M., 1965; Hayitmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan, T., 1970; Aliyev G., Temi i syujeti Nizami v literaturax narodov Vostoka, M., 1985.

Habib Abdunazar.