Kontent qismiga oʻtish

Xalvatiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xalvatiya — soʻfiylik tariqati; XIV asr oxirida Shimoli-Gʻarbiy Eronda shakllangan. Tariqat dastlab turkiy aholi oʻrtasida vujudga kelib, Oʻrta Osiyo tasavvuf maktabi (Ahmad Yassaviy)ning ayrim gʻoyalari va malomatiya va qalandariyaning kuchli taʼsiri ostida faoliyat olib borgan. Xalvatiya 50 dan ziyod mustaqil suluk va tariqatlarni boshlab bergan. Xalvatiyaning asoschisi gilonlik Zohiriddin Umar al-Xalvatiy (1397) boʻlgan. U oʻz izdoshlari uchun qoidalar ishlab chiqqan, unga koʻra, qatʼiy ravishda zohidlikka amal qilish (zuhd) va mutlaqo roʻza tutish (imomlar soniga qarab) asoslab berilgan. Siyosiy sabablarga koʻra, (Xalvatiya tarmoqlariga Usmoniylar rahnamolik qila boshlagach) Xalvatiya taʼlimoti vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishlarga uchrab sunniylik tariqatiga aylangan. XALVATIYA taʼlimoti asosini quyidagilar tashkil qiladi: ju’ (ixtiyoriy ochlik), samt (sukut saqlash), sahar (bedor boʻlmoq), i’tizol (yolgʻizlik), zikr, fikr (meditatsiya), rabt (murid qalbi bilan shayx qalbi oʻrtasidagi aloqa) va ibodatda doimiy pokizalik. Xalvatiya tariqati yashil yoki qora rangdagi toʻrtburchaqli qalpoq kiyishi bilan ajralib turgan.

ISLOM ENSIKLOPEDIYASI"Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2004