Xalqaro talabalar kuni
| Talabalar kuni | |
|---|---|
| Rasmiy nomi | Xalqaro talbalar kuni |
| Nishonlovchilar | Jahon miqyosida |
| Boshlanishi | 1939-yil |
| Sana | 17-noyabr |
Xalqaro talabalar kuni – har yili 17-noyabr sanasida nishonlanadigan xalqaro bayram boʻlib, talabalar jamoatchiligiga bagʻishlanadi. Ushbu kunning kelib chiqishi 1939-yilda natsistlar tomonidan Chexoslovakiya universitetlarining bosib olinishi, talabalarning qatl etilishi va konslagerlarga joʻnatilishi bilan bogʻliq voqealarga borib taqaladi. Hozirda ushbu sana bir qator universitetlar tomonidan, baʼzan 17-noyabrdan boshqa kunlarda ham, xalqaro talabalarning madaniy xilma-xilligini eʼtirof etuvchi siyosatdan xoli bayram sifatida nishonlanadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu sana 1939-yilda Chexoslovakiyaning Germaniya tomonidan bosib olinishi va Yan Opletal hamda ishchi Václav Sedláčekning oʻldirilishiga qarshi namoyishlardan soʻng natsistlar tomonidan Praga universitetiga qarshi hujumlar amalga oshirilgan sanaga bagʻishlanadi. Natsistlar talabalarning barchasini hibsga olib, ularning toʻqqiz nafar yetakchisini qatl etgan va 1 200 dan ortigʻini konslagerlarga joʻnatgan. Shundan soʻng Chexiyadagi barcha universitet va oliy oʻquv yurtlari yopib qoʻyilgan. Bu vaqtda davlat hududi fashistik qoʻgʻirchoq hukumat boshqaruvidagi Bogemiya va Moraviya Protektorati hamda Slovakiya Respublikasiga boʻlingan edi[1].
1939-yil oxirida Bogemiya va Moraviya Protektoratidagi natsist hokimiyati Charles universiteti Tibbiyot fakulteti talabalari tomonidan Pragada oʻtkazilgan namoyishni bostirgan. Ushbu namoyish 28-oktyabr kuni Chexoslovakiya Respublikasining (1918) mustaqillik eʼlon qilingan sanani yodga olish maqsadida tashkil etilgan. Namoyish chogʻida talaba Yan Opletal otib tashlangan va 11-noyabr kuni olgan jarohatlari natijasida vafot etgan. Uning jasadi 15-noyabr kuni Pragadan Moraviyadagi uyiga yuborilishi kerak edi. Dafn marosimida minglab talabalar ishtirok etgan va yakunda ular ushbu tadbirni natsistlarga qarshi namoyishga aylantirishgan. Biroq natsist hokimiyati bunga javoban keskin choralar koʻrgan: barcha chex oliy taʼlim muassasalari yopilgan, 1 200 dan ortiq talaba hibsga olinib kontslagerlarga joʻnatilgan, 17-noyabr kuni esa toʻqqiz nafar talaba va professor sudsiz qatl qilingan. Tarixchilarning fikricha, natsistlar dafn marosimiga ruxsat bergan paytdayoq zoʻravonlik sodir boʻlishini kutgan va bu holatni universitetlarni yopish hamda natsistlarga qarshi dissidentlarni yoʻq qilish uchun bahona sifatida ishlatishni rejalashtirgan[2][3].
17-noyabr kuni Pragada qatl etilgan to‘qqiz nafar talaba va professorlar:
- Josef Matoušek – tarixchi va dotsent; Opletal dafn marosimini tashkil etishda ishtirok etgan.
- Jaroslav Klíma – huquqshunoslik yoʻnalishi talabasi; Bogemiya va Moraviyadagi Chex Talabalar milliy assotsiatsiyasi raisi, Opletal dafn marosimida Gestapo tomonidan hibsga olingan talabalarning ozod etilishini talab qilgan.
- Jan Weinert – bohemistika va germanistika talabasi; Opletal dafn marosimida hibsga olingan talabalarning ozod etilishini talab qilgan.
- Josef Adamec – huquqshunoslik yoʻnalishi talabasi; Bogemiya va Moraviyadagi Chex Talabalar milliy assotsiatsiyasining kotibi.
- Jan Černý – tibbiyot talabasi; Opletal dafn marosimida hibsga olingan talabalarning ozod etilishini talab qilgan.
- Marek Frauwirth – iqtisodiyot yoʻnalishi talabasi; Pragadagi Slovakiya elchixonasida ishlagan va natsistlardan qochayotgan yahudiylarga soxta paspportlar bergan.
- Bedřich Koula – huquqshunoslik yoʻnalishi talabasi; Chex Talabalar milliy assotsiatsiyasining kotibi.
- Václav Šafránek – arxitektura yoʻnalishi talabasi; Chex Talabalar milliy assotsiatsiyasining yozuvchisi.
- František Skorkovský – huquqshunoslik yoʻnalishi talabasi; Xalqaro Talabalar Konfederatsiyasi qo‘mitasi direktori, Bogemiya va Moraviya Chex Talabalari Milliy Assotsiatsiyasining xorijiy bo‘limi raisi.
1940-yilda Germaniya mustamlakasiga aylangan Chexoslovakiyada talabalarga qilingan zulmni yodga olish tashabbusi dastlab Angliyadagi Chexoslovakiya armiyasi safidagi askarlar o‘rtasida muhokama qilingan. Sobiq talabalar jamoasi vakillaridan iborat kichik guruh Germaniya Protektorati tomonidan tarqatib yuborilgan Chexoslovakiya Talabalar markaziy assotsiatsiyasini (USCS) tiklashga qaror qilgan. 17-noyabr fojiasini yodga olish g‘oyasi Angliya va Uels milliy talabalar ittifoqi hamda Angliyada natsistlarga qarshi kurashayotgan boshqa xorijiy talabalar orasida keng muhokama qilingan.
1941-yil davomida boshqa mamlakatlarning talabalari 17-noyabrni xotira kuni sifatida tan olishlari, natsistlarga qarshi kurashni qadrlashlari hamda barcha mamlakatlarda erkinlik va demokratiya uchun kurashni rag‘batlantirishlari uchun sa'y-harakatlar olib borilgan. Ushbu muzokaralarni asosan Zink, Paleček, Kavan va NUS (Milliy Talabalar Ittifoqi) vitse-prezidenti Lena Chivers amalga oshirgan. Natijada o‘n to‘rt mamlakat bu tashabbusni qo‘llab, quyidagi mazmundagi bayonotga imzo chekilgan:
Biz, Buyuk Britaniya va unga qarashli hududlar hamda Hindiston, Shimoliy va Janubiy Amerika, SSSR, Belgiya, Chexoslovakiya, Fransiya, Gretsiya, Xitoy, Gollandiya, Norvegiya, Polsha, Yugoslaviya va barcha erkin davlatlar talabalari, 1939-yilgi bosqinchilikni qoralagan va natsist zulmiga qarshi birinchi bo‘lib ovoz ko‘targan, qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalarning xotirasiga hurmat ko'rsatish maqsadida, 17-noyabrni Xalqaro talabalar kuni deb e’lon qilamiz
.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Šulc, Bohuslav. Ústřední svaz československého studenstva v exilu za války 1940-45 (Czech). Rozmluvy, 1990. ISBN 978-80-900209-5-5.
- ↑ 17 November: International Students’ Day, Study.EU. Retrieved 2017-11-05.
- ↑ "The 17th of November: Remembering Jan Opletal, martyr of an occupied nation", Radio Praha. Retrieved 2017-11-05.