A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti — Oʻzbekistondagi eng yirik oʻqituvchilar malakasini oshirish instituti. 1934-yilda Xalq taʼlimi kadrlar malakasini oshirish instituti nomi bilan tashkil topgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Institutga Abdulla Avloniy nomi 1992-yilda berilgan.

Turli yillarda nomlanishi:

1934-yil 4-maydan 1941-yilgacha — Xalq taʼlimi kadrlar malakasini oshirish instituti

1941-yildan 1945-yil 6-dekabrgacha — Respublika o‘qituvchilar malakani oshirish instituti

1945-yil 7-dekabrdan 1964-yil 21-sentyabrgacha — K. D. Ushiniskiy nomidagi Respublika o‘qituvchilar malakani oshirish instituti

1964-yil 22-sentyabrdan 1992-yil 5-aprelgacha K. D. Ushiniskiy nomidagi Respublika o‘qituvchilar malakani oshirish va qayta tayyorlash Markaziy instituti

1992-yil 6-apreldan 2001-yil 9-oktyabrgacha A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi xodimlarini malakasini oshirish Markaziy instituti

2001-yil 10-oktyabrdan — A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markaziy instituti

2003-yildan — Pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti

Keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-avgustdagi „Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yana-da takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida“ 234-sonli qaroriga [1]muvofiq Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentyabrdagi „Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“ PQ-3289-son qaroriga[2] muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarini tegishli hududdagi oliy taʼlim muassasalari tasarrufiga berish hamda ular negizida tashkil etiladigan Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrda „Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“ PQ-3931-son qaroriga[3] muvofiq 2018-yil 1-noyabrdan boshlab, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlari kusrlarni tashkil etilishi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi „Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi PQ-4884-sonli Qarori[4] bilan Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti oʻrnida qayta tashkil etildi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi „Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ-4963-sonli Qarori[5] bilan maqsad va vazifalari belgilandi.

Institutning asosiy vazifasi xalq taʼlimi rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishdir. Institut Oʻzbekistonda xalq taʼlimi tizimi rahbar hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shu masalalar boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish oʻquv-metodik markazi hisoblanadi. Institut respublikadagi pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlarining oʻquv-metodik hamda ilmiy faoliyatlarini muvofiqlashtiradi. Oʻz faoliyati yoʻnalishi boʻyicha ilmiy, metodik qoʻllanma, tavsiya va axborotnomalar tayyorlaydi hamda nashr etadi. Xalqaro hamda xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Institutda 1992-yildan ilmiy kengash,1998-yildan aspirantura, keyinchlaik magistratura va doktorantura yoʻnalishlari faoliyat koʻrsatadi.

Institutda „Uzluksiz kasbiy taʼlim“ maxsus elektron platformasi, kasbiy va pedagogik qayta tayyorlash, maqsadli kurslar, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha konsalting yoʻnalishlari boʻyicha ham taʼlim xizmatlari koʻrsatiladi.

2021 yil holatiga ko‘ra, „Uzluksiz kasbiy taʼlim“ elektron platformasida 1120 ta mediakurslar joylashtirilgan, 1648 nafar metodistlar ushbu kurslarni muvaffaqqiyatli tugatgan. 2021-yilda 1200 nafar direktorlar malaka oshirgan, 2020-2021-yilda 1 nafar fan doktori, 9 nafar PhD himoya qilgan. Bugungi kunda, institutda 13 ta kasbiy va pedagogik qayta tayyorlash kurslari yo‘nalishlari, 5 ta ilmiy va amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, institutda 7 ta xalqaro va 8 ta mahalliy hamkorlar hamda „Zo‘r“ (Klass) loyihasi doirasida esa 98 nafar mutaxassislar bilan faoliyat olib boradi[6].

Shuningdek, institut tomonidan o‘quvchilarni xalqaro PISA, TIMSS, PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rishi uchun STesting sinov platformasi ishlab chiqildi. Hozirgi kunga qadar platforma orqali 7 893 ta maktabdan 2 981 226 o‘quvchilar ishtirok etdilar.

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 234-sonli Qarori
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3289-sonli Qarori
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3931-sonli Qarori
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4884-sonli Qarori
  5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4963-sonli Qarori
  6. Avloniy.uz