Xachir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xachir (Mulus) — uy hayvoni; ot (biya) bilan eshak (hangi) duragayi. Xitoy, Hindiston, Turkiya, Afrika, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Oʻrta Osiyoda X. yetishtirish azaldan mavjud boʻlgan. Soʻnggi davrlarda Meksika, Argentina va AQShda ham rivoj topdi. Oʻzbekistonda qadimdan X. yetishtirish va xoʻjalik maqsadlarida ulardan yuk tashishda va ulov tarzida samarali foydalanib kelingan. X. gavdasi, koʻkrak qafasi kengligi va tez yurishi bilan otlarga oʻxshasa, chidamli va ishchanligi, boshining kattaligi qulogʻining uzunligi, boʻynining toʻgʻriligi va kaltaligi bilan eshakka oʻxshaydi. 40—50-yil yashaydi, 30—35-yil ishlash qobiliyatiga ega, yuqumli kasalliklarga kam chalinadi, iqlim sharoitiga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi, parvarishga unchalik muhtoj emas. Tuyey har xil. X.ning erkagi va urgʻochisi bepusht boʻladi. Ular oʻzaro nasl bermaydi, lekin urgʻochi X. ayrim hollarda aygʻirdan yoki hangi eshakdan qochib nasl berish xususiyatiga ega. Erkak X. 1,5 yoshda bichiladi. 2—3 yoshidan ishga oʻrgatiladi. 4 yoshida yetuk ish hayvoniga aylanadi. Yirik biyalardan va zavod zotidan boʻlgan eshaklardan boʻyi 160—170 sm va tirik vazni 600–650 kg boʻlgan oʻta kuchli va yuk tashuvchi X.lar olinadi. X.ni otlar kabi tirik vaznga muvofiq oziqlantirish tavsiya etiladi. 20-asrning 30-yillarigacha Oʻrta Osiyo yilqichilik, tuyachilik, eshakchilik va xachir yetishtirish styasida X. yetishtirish va ulardan foydalanish masalalari ilmiy oʻrganildi (V.A.Shchekin). 20-asrning 50-yillaridan boshlab X. Oʻzbekistonda avtomobil transportining rivojlanishi bilan deyarli yoʻqolib ketdi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Lakoza I.I., Shchekin V.A., Verblyudovodstvo i osnovi oslovodstva i muloproizvodstva, M., 1964.

Abdusattor Amirov.