Kontent qismiga oʻtish

Vitraj

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vitraj (frans. vitrage, lot. vitrum — shisha) — rangli oyna (shisha) parchalaridan terib yoki yorugʻlik oʻtkazadigan boshqa materiallardan foydalanib, deraza, eshiklarga har xil ranglarda naqsh, tasvir ishlash sanʼati; shuningdek deraza, toʻsiqlar oʻrnidagi (toʻliq yoki qisman ishlangan) shisha namoyon. Deraza oʻrnidagi rangli V. nurlar jilvasini hosil qiladi, intererning ifoda taʼsirini orttiradi. Dastlabki sodda V. namunalari Qad. Misr (mil. av. 2 minginchi yil) va Rim (mil. I asr)da topilgan. Roman uslubida qurilgan ibodatxonalarda (Fransiyadagi Shartr sobori, Germaniyadagi Augsburg sobori, XII asr boshlari), gotika soborlarida V. keng qoʻllangan, boʻyalgan shishalardan oʻtayotgan nur bino ichini jozibador koʻrsatgan. Keyinchalik rangsiz yoki rangli shishalarga silikat boʻyoqlarda rangtasvir asarlari ishlash texnikasi qoʻllangan. XX asrga kelib V. ishlash mahorati oshdi, V. uchun shishalar maxsus usulda ishlana boshlandi. Keyingi yillarda shisha yoki plastmassa, sement va temir-beton bilan mustahkamlanadigan usuli keng tarqalib, V.ning imkoniyat doirasi kengaydi. Oʻzbekistonda V. XX asr 60-y.laridan rivojlandi, qator mahobatli asarlar yaratildi. "Zarafshon" restorani, "Oʻzbekiston" mehmonxonasi, Temuriylar davlati tarixi muzeyi V.lari shular jumlasidan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil