Vinilpiridin kauchuklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vinilpiridin kauchuklar -sintetik kauchuklar; diyen uglevodorodlarning vinilpiridinlar yoki ularning hosilalari bilan sopolimerlanishidan hosil boʻlgan mahsulotlar. V. k. da vinilpiridin zanjirining miqdori odatda 30% dan oshmaydi. Vinilpiridin zanjiridan tashqari, stirol, akrilonitril, metakril kislota zanjirlariga ega boʻlgan uchlamchi sopolimerlar ham maʼlum. V. k. suvli emulsiyada monomerlarni sopolimerlab olinadi. Benzol, toluol, benzinda eriydi, 15% dan ortiq vinilpiridini boʻlgan kauchuklar keton va murakkab efirlarda eriydi. Piridin guruhlari borligi sababli V. k. ionlashtiruvchi nurlar taʼsiriga chidamli boʻladi. Xloranil ishtirokida V. k.dan olingan rezina 200° gacha temperaturada moylar, eritmalar, sintetik surkov moylari taʼsiriga chidaydi. V. k.dan tayyorlangan rezina sovuqqa oʻta chidamliligi bilan butadiyennitril kauchuklardan tayyorlangan rezinadan farq qiladi.

V. k. —50 dan 180° gacha haroratda ishlatiladigan zichlovchi rezina shlanglar tayyorlashda, shuningdek avtomobil shinalari, yelim, moyga va gidravlik suyuqliklarga chidamli rezina mahsulotlar i. ch.da qoʻllaniladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil