Vibratsiya kasalligi
Vibratsiya kasalligi – kasb kasalliklaridan biri; vibratsiyanint odamga uzoq, vaqt taʼsir etishidan kelib chiqadi. Kasallikning kechishi va harakteri titrash taʼsirotining kuchi va zarbiga bogʻliq; bunday titrash gavdaning maʼlum qismiga (masalan, qoʻlga, qisman vibratsiya) va butun organizmga (umumiy vibratsiya) taʼsir etadi. Ayrim kasbdagi kishilar ishlatayotgan qoʻl asboblarining zarbi yoki ulardan toʻgʻri foydalana olmaslik, gavdani notoʻgʻri tutish, sovuq, shovqin va boshqa vibratsiya kasalligiga sabab boʻlishi mumkin. Kasallikda qoʻl panjasining zirqirab ogʻrishi va toliqishi, sovuqqa taʼsirchanlik, bosh ogʻrigʻi, tez charchash, asabiylashish, yurak-tomir faoliyatida jiddiy oʻzgarishlar va boshqa kuzatiladi. Davosi kasallikka sabab boʻlgan omilni iloji boricha ertaroq bartaraf etishdan iborat. Turli dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar, tegishli kurortlarda boʻlish kompleks davolanishning tarkibiga kiradi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil