Veterinariya laboratoriyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Veterinariya laboratoriyasi — veterinariya xizmati tizimida hayvonlardagi kasalliklarni aniqlaydigan laboratoriya. Hayvonlarning kasalliklari va oʻlish sabablarini aniqlash maqsadida turli xil ilmiy tadqiqot va kuzatish ishlari olib boradi. Veterinariya laboratoriyasida bakteriologik, serologik va gemotologik tahlillar bajariladi, patologik material tekshiriladi, sut, goʻsht va b. chorvachilik mahsulotlari sanitariya jihatdan tahlil qilinadi, kimyoviy va toksikologik tahlillar oʻtkaziladi. Veterinariya laboratoriyasi kasalliklarning oldini olish va ularni davolash uchun antibiotiklar va b. preparatlar tayyorlaydi, veterinariya sohasidagi fan yutuqlari va ilgʻor tajribalarni targʻib qiladi. Veterinariya laboratoriyasi tekshirish va b. ishlarni oʻzi xizmat qilayotgan hududdagi fermer, shirkat, aksionerlik, jamoa xoʻjaliklar va davlat veterinariya muassasalarining buyurtmalariga muvofiq bajaradi. Tayyorlangan antibiotik va b. har turdagi preparatlarni xoʻjaliklarga sotadi. Goʻsht-sut va oziqovqat nazorat stansiyalari ular qaramogʻida boʻlib, dehqon bozorlarida goʻsht, sut va b. chorvachilik hamda dehqonchilik mahsulotlarini ekspertiza qiladi. Oʻzbekistonda 3 respublika Veterinariya laboratoriyasi (yuqumli kasalliklar diagnostikasi lab.; oʻta xavfli kasalliklar lab.; veterinariya preparatlari lab.), 13 viloyat, 126 tuman va tumanlararo, 246 veterinariya-sanitariya ekspertizasi lab.lari ishlaydi (2000).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil