Veterinariya-sanitariya ekspertizasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Veterinariya-sanitariya ekspertizasi — 1) hayvonot mahsulotlarini sanitariya-gigiyena jihatidan baholash usullarini oʻrganadigan fan. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining asosiy vazifasi — hayvonlardan olinadigan, oziqovqat (goʻsht, sut, baliq, tuxum), ozuqayem, xom ashyo (teri, jun, momiq, patlar) mahsulotlari orqali qoʻzgʻatuvchilari odamlarga yuqadigan kasalliklarning oldini olishdan iborat. Mustaqil fan tarmogʻi sifatida 20-asrda shakllandi. Undan ilgari goʻshtshunoslik va ovqatlanish gigiyenasi fanlari tarkibida oʻrganilar edi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi mustaqil kafedralarga ega boʻlgan veterinariya institutlari va veterinariya fakultetlarida oʻqitiladi, tibbiyot intlarida ovqatlanish gigiyenasi kursiga kiradi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari tegishli oliy oʻquv yurtlari kafedralarida, ilmiy tadqiqot institutlarining maxsus lab.larida olib boriladi.

2) Hayvonot mahsulotlarining isteʼmol talablariga javob berishini aniqlaydigan veterinariya mutaxassislarining amaliy faoliyati sohasi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining asosiy vazifasi odamlarni sifati buzilgan chorvachilik mahsulotlari orqali kasallanishdan asrash, hayvonlarni soʻyishgacha, soʻyishda va soʻyishdan keyin mahsulotlarni qayta ishlashda sanitariya qoidalariga rioya qilish, nimtalanmagan goʻsht va b. aʼzolarini tekshirish, goʻsht, sut, baliq mahsulotlarining isteʼmolga yaroqliligini aniqlash va b.dan iborat. Goʻsht sanoati korxonalarida, parrandachilik fabrikalari, sovuqxona, baza, omborlar, dehqon bozorlari, lab.larda Veterinariya-sanitariya ekspertizasini veterinariya vrachlari, veterinariya uchastkalari va kushxonalarda veterinariya feldsherlari oʻtkazadi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasining toʻgʻri oʻtkazilishini davlat veterinariya inspeksiyalari nazorat qiladi.

Veterinariya-sanitariya ekspertizasi yaroqsiz deb topgan mahsulotlarni isteʼmolga chiqarish mumkin emas. Oʻzbekistonda 246 Veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi ishlaydi

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil