Kontent qismiga oʻtish

Ventil

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ventil (lot. ventilo — puflayman esaman) — 1) bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xossasiga ega boʻlgan elektr asboblarining umumiy nomi. Toʻgʻri tok yoʻnalishida kam qarshilikka, teskari tok yoʻnalishida esa katta qarshilikka ega boʻladi. Boshqacha aytganda, V. tokni bir ("toʻgʻri") yoʻnalishda yaxshi, ikkinchi ("teskari") yoʻnalishda yomon oʻtkazadi. Bu xossasi tufayli V. tokni toʻgʻrilash qurilmasi sifatida keng qoʻllanadi. V. lik xususiyati metall va elektrolit (elektrolitik V.), metall va gaz (ion V.), vakuumdagi metall va yarimoʻtkazgich yoki har xil tarkibli ikki yarimoʻtkazgich (yarimoʻtkazgich V.) chegarasida namoyon boʻlishi mumkin. V. larning boshkariladigan va boshqarilmaydigan xillari boʻladi. V. toʻgʻrilanayotgan tok quvvati (Vt, kVt), kuchi (a), ish kuchlanishi (V., kV), kuchlanishning toʻgʻri yoʻnalishda pasayishi, teskari yoʻnalishda teshib oʻtish kuchlanishi va b. koʻrsatkichlar bilan ifodalanadi. V. radiopriyomniklar, kuchli energetika qurilmalari, elektr uzatish liniyalari, avtomatika, elektronika, hisoblash texnikasi, oʻta yuqori chastotalar texnikasi va radioqurilmalarda detektor, tiristor va toʻgʻrilagich sifatida ishlatiladi. Umuman, diodlarning hamma turlari, elektrolitik toʻgʻrilagichlar va mantikiy elementlar ham V. jumlasiga kiradi; 2) suyuqlik, gaz yoki bugʻ oqimi yoʻlini ochib yuborish yoki berkitib qoʻyish, bu oqim miqsorini koʻpaytirish yoki kamaytirish uchun moʻljallangan qurilma. Oddiy V. — vodoprovod joʻmragi. Uni quvur (truba) ga biriktirish uchun ikki uchiga ichki rezba kesiladi. Katta V. lar korpusining ikki yonida flanes boʻladi. V. maxovigi (bandi) qoʻlda buraladi. Quvurdan oqayotgan suyuqlik yoki gaz bosimi oʻzgarganda ishga tushadigan elektr yoki gidravlik dvigatel yordamida V.ni avtomatik tarzda boshqarib turish ham mumkin. V. vodoprovod, gaz kuvurlari, sanoat truboprovodlari, sanitariyatexnika qurilmalarida ishlatiladi; 3)musiqada — valtorna, truba kabi mis puflama musiqa cholgʻulari stvoli uzunligini uzaytirish uchun moʻljallangan mexanizm. Puflama musiqa asbobida V. sifatida aylanma klapan- baraban ishlatiladi. Ijrochi V. dan foydalanib turlicha balandlikdagi tabiiy tovush qatorlarini hosil qiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil