Venesiya maktabi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Venesiya maktabi - Italiyadagi asosiy rangtasvir maktablaridan biri; Uygʻonish davrida eng gullagan davrini boshdan kechirgan. Bu davrga xos boʻlgan olamning joʻshqinligi va rangbarangligini hissiy sezish V. m. rangtasvirida oʻzining yorqin badiiy ifodasini topdi. Unda moyboʻyoq rang-tasviri ifoda imkoniyatlarining mukammalligi, ayniqsa koloritga eʼtiborning ustunligi koʻzga tashlanadi. Venesiya sanʼatkorlari Vizantiya va gotika anʼanalarini oʻzlashtirgan holda jozibador sanʼat maktabi yaratdilar, asarlariga tasvirning tekis yuzaligi, oltin zaminning umumiyligi, bezak naqshlar xos boʻlib, sof boʻyoqlardagi tantanali hamohangligi bilan ajralib turadi. Ilk Venesiya Uygʻonish davri (15-asr oʻrtalari va 2-yarmi) namoyandalari asarlarida dunyoviylik ortdi, dunyoni real tasvirlash, fazo va hajmni berishga intilish kuchaydi; anʼanaviy diniy mavzulardagi lavhalarda Venesiyaning kundalik hayotidan yorqin hikoya qilinadi. Antonello da Messina, J. Bellini ijodida Yuksak Uygonish davri sanʼatiga oʻtish seziladi. Sodda hikoyanavislik oʻrnini olamni umumlashma, murakkab koʻrinishini yaratishga intilish egalladi, ularda axloqiy maʼnolarga tuliq ulugʻvor inson qiyofalari joʻshqin ruhdagi tabiat bilan tabiiy uygʻunlikda namoyon boʻladi (J. Bellini, B. Jorjone, V. Titsian va b.). B. Jorjone asarlarida inson bilan tabiatning uygʻunligi mavzui oʻzining mumtoz ifodasini topdi; V. Titsian portretlarida ruhan murakkab yaxlit insoniy harakterlar alohida oʻrin tutadi. 16-asr oʻrtalarida tarixiy vaziyat tufayli Uygʻonish davrining hayotbaxsh gʻoyalari inqirozga uchraydi. V. Titsianning soʻnggi asarlarida dramatizm, murakkab ruhiy toʻqnashuvlarii yoritish, tasviriy ohang benihoya taʼsirchanlikka ega boʻldi.

V. m. namoyandalari ijodida 17-asr Yevropa sanʼati rivojiga taʼsir koʻrsatgan yangi badiiy shakl va xususiyatlar shakllandi, yangi janrlar (tarixiy janr, batal janri, guruh portretlar yaratish) yuzaga keldi. 18-asr da hayotbaxsh bayramonalik bilan joʻshqin va yengil, nozik koloritli kenglik uygʻunlashgan mahobatli bezak rangtasviri (J. B. Tepolo va b.), joʻshqin koʻtarinki ruhdagi maishiy janr rivojlanadi (J. B. Pyatssetta va b.), Venesiyaning oʻziga xos qiyofasini yaratuvchi meʼmoriy manzara (veduto) keng tarqaldi. V. m. ga xos boʻlgan nurhavo muhiti (plener) ni berish masalalariga boʻlgan eʼti-bor 19-asr rassomlarini ilhomlantirgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil