Veksel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Veksel (nem. Wechsel — ayirboshlash) — koʻrsatilgan muddatda muayyan miqdordagi pulni toʻlash majburiyati qayd etilgan qarzdorlik haqidagi rasmiy hujjat; qimmatli qogʻoz. U universal toʻlov, kredit va hisob vositasi boʻlib, xalqaro savdoda toʻlov majburiyati; qisqa muddatli (6 oy) tijorat-kredit vositasi; banklararo uzoq muddatli munosabatlarni shakllantiruvchi vosita; banklardan ssuda olish uchun garov (shuningdek tijorat banki markaziy bankdan ssuda olishda beradigan garov) tarzida keng qoʻllaniladi. V.ning asosan oddiy V. (qarzdor tomonidan muayyan summani belgilangan muddatda qaytarish haqida qarz beruvchi oldidagi majburiyat), oʻtkazma V. (qarz beruvchining qarzni V.ni taqdim etuvchiga yoki hujjatda koʻrsatilgan shaxsga toʻlash haqidagi buyrugʻi), xazina V. (oʻz harajatlarini qoplash uchun davlat tomonidan chiqariladi), moliya V. (bir bank boshqa bankka qarz puli olish uchun beradi), tijorat V. (tovar egasiga garov tarzida beriladi) va b. turlari bor.

V. hisob vositasi va ayirboshlash hujjati sifatida Yevropa mamlakatlarda 17-asrda shakllandi. 19-asrning oxiridan boshlab Turkistondagi xususiy tijorat banklari savdo-sotiqda V. muomalasini keng yoʻlga qoʻygan. Sobiq Ittifoqda, shu jumladan Oʻzbekistonda V. yangi iqtisodiy siyosat davrida (davlat hamda kooperativ korxonalar oʻrtasidagi munosabatlarda) ham ishlatilgan. 1930—32 y.lardagi kredit islohotida bevosita maqsadli bank orqali kreditlashga oʻtilishi bilan mamlakat ichida V. muomalasi tugatilgan. Boshqa koʻpgina davlatlarda V. muomalalari 1930 y. Jenevada qabul qilin-gan "Veksel toʻgʻrisida"gi konvensiyaga muvofiq olib boriladi. Unda V.ning kuyidagi majburiy unsurlari boʻlishi qatiy belgilangan: V. belgisi — "Veksel" yozuvi; V.da koʻrsatilgan summani soʻzsiz toʻlash majburiyati; qarz toʻlovchi va birinchi V. egasining nomi; remitent nomi; toʻlov muddati va joyi; V. toʻldirilgan sana va manzil; V. beruvchining imzosi.

V. ni amal qilish muddatini choʻzish (V. prolongatsiyasi) qonunga muvofiq yoki trassant va trassatning oʻzaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.

OʻzRning 1993 y. 2 sent.dagi "Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida"gi qonuniga muvofiq 1994 y.dan boshlab Oʻzbekistonda V.lar muomalaga kiritildi. V.lar naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning eng qulay vositasi sifatida korxona va tashkilotlarda keng qoʻllaniladi.

Eson Egamov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil