Vegetarianlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vegetarianlik (lot. vegetabiJis -oʻsimlikka oid) — ovqatlanish tarzi; goʻshtni cheklab, asosan meva va sabzavotlarni tanovul qilish. Shu zaylda ovqatlanuvchilar vegetarianlar deyiladi. V. juda qadimdan maʼlum. Goʻsht mahsulotlari isteʼmol qilishni chegaralash darajasiga koʻra vegetarianlar bir necha toifaga boʻlinadi. Ularning eng ashaddiylari yoki "keksa vegetarianlar" har qanday goʻsht mahsulotlari, shuningdek sut, tuxum va yogʻlarni inkor etishadi. "Yosh vegetarianlar" esa oʻsimlik mahsulotlaridan tashqari sut, tuxum va sariyogʻ isteʼmol qilishadi. Ular goʻsht organizmni zaharli chiqindilarga toʻldiruvchi, umrni qisqartiruvchi va insonni badjahl qiluvchi mahsulot deb hisoblashadi. Aksincha, goʻshtni isteʼmol qiluvchilar esa uni qimmatli oqsillar manbai hamda toʻla hazmli deb taʼkidlaydilar. Ovqatlanish toʻgʻrisidagi hozirgi zamon fani (diyetologiya) ovqat moddalarini ham hayvon, ham oʻsimlik mahsulotlaridan iborat, yaʼni aralash boʻlishi maqbul deb hisoblaydi (q. Ovqatlanish).

Meva va sabzavotlarni pishirish va uzoq muddat saqlash jarayonida vitaminlarning kamayib ketishi tufayli vegetarianlar ularni yangiligida xomligicha yeyishni tavsiya qilishadi. Zamonaviy tibbiyot fani amaliyotda goʻshtsiz ham, oʻsimlik mahsulotlari asosida sut va tuxum qoʻshib tayyorlangan oziq-ovqatlardan parhez taom sifatida foydalanishni afzal hisoblaydi. Baʼzi xastaliklar — moddalar almashinuvining buzilishi (mas., podagra), yurak-tomir kasalliklarini davolashda maʼlum muddatga vegetarian ovqatlar tavsiya etiladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil