Vaqt xizmati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vaqt xizmati — 1) vaqtni aniqlash va "saqlash" hamda uni aniq vaqt radiosignallari yordamida uzatish va qabul qilishga doir uygʻunlashgan ishlar majmui. Aniq vaqt yulduzlarni kuzatish orqali va b. usullar bilan aniqlanadi. Uni astronomik soat va b. vakt etalonlari yordamida "saqlanadi". V. x. astrometriya tadqiqotlari jumlasiga kiradi; 2) vaqtni aniqlash, uni aniq yuradigan soatlar yordamida "saqlash", vaqt radiosignallari yordamida uzatish va qabul qilish kabi ishlar bilan shugʻullanadigan astronomik muassasa. Astronomik kuzatishlar yordamida aniq vaqtni topish — yoritqichlar, mas., yulduzlarning meridiandan oʻtish (kulminatsiya) paytida soat toʻgʻrilamasini aniqlashdan iborat. Soat toʻgʻrilamasi yetarlicha aniq boʻlishi uchun, odatda, 10—12 yulduz kuzatiladi. V. x. asosan meridianga oʻrnatilgan passaj asboblar bilan taʼminlanadi. Baʼzan, fotografik zenit trubadan ham foydalaniladi. Hozir fotoelektrik passaj asbobi koʻp qoʻllaniladi. Har sutkada topilgan soat toʻgʻrilamalarining farqi olinib, soatning sutkali yurishi (ilgarilashi yoki orqada qolishi) topiladi. Astronomik soatning sutkali yurishiga asoslanib, astronomik kuzatishlar oʻtkazilmagan paytlar uchun ham aniq vaqtni hisoblab topish mumkin. Bunday paytlarda vaqt juda aniq yuradigan bir nechta astronomik soat yordamida aniqlanadi va "saqlanadi". Bunda mayatnikli soatlar, kvars soatlar, atom soatlardan foydalaniladi. V. x. har kunning maʼlum soatlarida radio orqali aniq vaqt signallarini berib turadigan styalar koʻp. Yer yuzidagi V. x. ishlarini Parijdagi Xalqaro vaqt byurosi boshqarib turadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil