Valyuta tangligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Valyuta tangligi, valyuta inqirozi — pul-kredit tizimining chuqur izdan chiqishi; mamlakat ichidagi pul muomalasini hamda xalqaro hisobkitoblar doirasini qamrab oladi. Valyuta kursining keskin tebranishlari, mamlakat valyuta rezervlarining tugashi bilan tavsiflanadi. V.t. pul-kredit tizimining izdan chiqishi, valyuta kurslarining keskin tebranishlari, valyuta rezervlarining hajm jihatidan sezilarli va tezlikda mamlakat hududidan oqib ketishi, valyutalarning devalvatsiya va revalvatsiya qilinishi, xalqaro valyuta likvidligining yomonlashuvi, valyuta va savdo urushlari kabilar natijasida kelib chiqadi. Umumiy va xususiy V.t. koʻrinishlari bor. Umumiy V.t. iqtisodiyotdagi umumiy tanglikning tarkibiy qismi boʻlib, koʻpgina mamlakatlarni qamrab oladi va surunkali davom etadi. Xususiy V.t. vaqtinchalik xususiyatga ega boʻlgan omillar (umumiy iqtisodiy tanglik, urushlar va b.) natijasida yuzaga keladigan alohida bir davlatdagi tanglikdan iborat. V. t. 1929—33 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi vaqtida, shuningdek undan keyingi depressiya davrida, ayniqsa uzoq davom etdi. 1967 i. noyabrda Buyuk Britaniyada funt sterling devalvatsiyasi munosabati bilan kuchaygan V.t. Fransiya va Gʻarbiy Yevropaning boshqa mamlakatlariga yoyildi, AQSH bu tanglikdan chetda qolishga har qancha urinmasin, u baribir dollar holatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Oʻsha vaqtdan 1971 y.gacha yana uch marta umumiy V.t. boʻlib oʻtdi (1968 y. bahorida oltin bahosining oshib ketishi; 1969 y. Gʻarbiy Germaniya markasining devalvatsiya qilinishi; 1971 y. mayida Gʻarbiy Yevropaning valyuta markazlarida vujudga kelgan V.t.). Umuman olganda xalqaro valyuta inqirozlari jahon valyuta mexanizmida nomuvofiqliklarni bartaraf qilishga olib keladi. Mas., V.t. natijasida 1976—78 yillarda Yamayka bitimi yuzaga keldi. AQSH dollari, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Fransiya franki kabi jahon-ning yetakchi valyutalari devalvatsiyaga uchradi, valyutalarning oltin standarti bekor qilindi. Hoz. paytda tebranuvchi valyuta kurslarining keskin oʻzgarishlari, xalqaro kreditlar boʻyicha qarzdorlik muammolari V.t.ni yuzaga keltiruvchi asosiy sabablar boʻlib qolmoqda.

Eson Egamov.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil