Vahobovlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vahobovlar (Vahobov Ismoil, 1949.19.1 va Vahobov Isroil, 1951.19.1, Andijon viloyati Baliqchi tumani Chinobod qishlogʻi) — aka-uka hamnafas xonandalar, Oʻzbekiston Respublikasi xalq hofizlari (1999). V. doimo bolalik davridan birga kuylab, oʻzlarining yoqimli, baland va tiniq ovozlari bilan shuhrat qozonishgan. Toshkent davlat konservatoriyasini tugatishgan (1973). Ichki ishlar Koʻshinlari ansambli (1973—74), Oʻzteleradio qoshidagi "Makom" ansambli (1975—92), "Tanavor" milliy raqs ansambli (1992—96)da ishlashgan. 1996-yildan "Maqom" ansambli xonandalari (1996—99-yillar Isroil Vahobov mazkur jamoaning badiiy rahbari). Ijro uslubining oʻziga xosligi, qoʻshiqlardagi joʻshqinlik, baland, lekin mayinlik bilan kuylash, ovozlar hamohangligi xonandalar ijodiga xos. Repertuaridan Shashmaqom shoʻʼbalari va Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari ("Moʻgʻulchai Navo", "Talkini Ushshoq", "Bayot III", "Bayot uforisi" va b.), oʻzbek mumtoz ashulalari-("Bebokcha", "Figʻon", "Sharob" va b.), zamonaviy bastakorlar (I. Ikromovning "Bir kulib qoʻy", O. Qosimovning "Kutarman") hamda oʻzlari yaratgan asarlar ("Seni oʻylayman", "Shirin zabonim", "Jon Oʻzbekistonim", "Yashar sevgim", "Doʻstlarim" va b.), shuningdek Sharq xalqlari qoʻshiqlari (eroncha "Muborak", turkcha "Xolida", arabcha "Habibiy", afgʻoncha "Laylijon") keng oʻrin olgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil