Vahima

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vahima — his-tuygʻu va kayfiyatning buzilish turlaridan biri; vahimada odamni asossiz qoʻrquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, hadiksiraydi, bezovta boʻladi, koʻngli gʻashlanib, oromi yoʻqoladi, ruhan azob chekadi. Unga kelajakda falokat boʻlishi muqarrardek, oʻzi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi. Vahima har xil ruhiy holatlarda turlicha namoyon boʻladi: 1) yosh bolalarda voqealarni toʻgʻri anglash va tushunish qobiliyati zaif boʻlib, baʼzan ular xonada yakka qolishdan, tunda yurishdan, tushida qurqishadi; yosh ulgʻaygan sari bu alomatlar oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi; 2) kishi biror nojoʻya xatti-harakat qilsa, oʻz qilmishidan xavotirlanib, vahimaga tushadi, qamalish yoki jazolanishdan qoʻrqadi, tunni bedor oʻtkazib, har narsadan hadiksiraydi, oromi yoʻqolib, koʻngli gʻash boʻlib yuradi, iztirob chekadi. Tabiiy ofatlar (suv toshqini, yongʻin, zilzila va hokazolar)da ham baʼzilar vahimaga tushishi mumkin, ularni qoʻrquv bosadi, oʻzi yoki yaqinlarining hayotini oʻylab, bezovta boʻladi, oromi yoʻqoladi. Bunday vahima sabablari bartaraf etilgach, ular tuzalib ketadi; nerv sistemasi zaif yoki kasallikka moyil odamlarda vahima surunkali ruhiy kasallikka aylanib ketishi, gipertoniya yoki ayrim ichki kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin; 3) baʼzi yuqumli kasalliklar, toʻsatdan zaharlanib, alahlashda yoki birdan boshlangan ruhiy kasalliklarda ham vahima belgilari namoyon boʻladi — bemor sababsiz qoʻrqib, qattiq bezovtalanadi; 4) yoshi katta (koʻpincha 50—60 yashar) kishilarda vahima ruhiy kasallikning asosiy belgilaridan boʻlib, uzoq davom etadi, bemor gʻamgin yuradi, qattiq qoʻrqadi, bezovtalanadi, oʻzini qoʻygani joy topolmaydi, kelajak fojiali, falokatli, oʻzi yoki yaqinlariga qandaydir xavf tugʻilayotgandek tuyuladi. Bunday vahima oʻz-oʻzini ayblash vasvasasi bilan birga uchraydi, ehtiyot choralari koʻrilmasa, bemor oʻzini halok qilishi mumkin. Vahima avj olganda vegetativ nerv sistemasi faoliyati buzilib, organizmda har xil biokimyoviy oʻzgarishlar roʻy beradi, qonda adrenalin, noradrenalin va qand koʻpayadi, meʼda shirasida xlorid kislota kamayadi, qon bosimi oshadi, dil oʻynaydi. Vahima boʻlib qolgan kishi ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil