Uzatma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Uzatma (mashinalarda) – aylanma harakatni uzluksiz uzatish uchun moʻljallangan mexanizm. Turli mashinalarning yuritmalarida U. yordamida tezlik oshiriladi yoki pasaytiriladi; tezlik pogʻonali yoki pogʻonasiz tarzda rostlab turiladi; bitta dvigateldan bir necha mexanizm harakatga keltiriladi va h.k. Asosiy koʻrsatkichlari: uzatish momenti, burchak tezligi, uzatish soni, uzatish nisbati, foydali ish koeffitsiyenta (f.i.k.). U.ning mexanik, gidravlik va elektr turlari bor. Mexanik U. detallarning ilashish (yoki tishlashish) xossasiga (mas, tishli U., zanjirli U., chervyakli U.) hamda ishqalanish xossasiga (mas, tasmali U., friksion U.) asoslangan. Bunday U.lar stanoklar, avtomobillar, traktorlarning tezliklar qutilari va variatorlarida qoʻllanadi. Gidravlik va elektr U.lar katta quvvatlarni uzatishga imkon beradi. Ular mashinasozlikning turli sohalarida, ayniqsa, ogʻir transport mashinalarining yuritmalarida qoʻllanadi.