Uvertyura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Uvertyura (lot. apertura — ochish, boshlanish) — opera, balet, oratoriya, drama, kinofilm va boshqalarning muqaddimasidan iborat cholgʻu pyesa; shuningdek, orkestr uchun yozilgan konsert asari. Tinglovchini opera, balet va h.k.dagi voqealarga tayyorlaydi, undagi joʻshqin muhitga olib kiradi. U., odatda, asarning xarakteri, gʻoyaviy maqsadi, asosiy obrazlarini umumlashtirgan holda ifodalaydi. Ilk namunasini K.Monteverdi "Orfey" operasida yaratgan. 17-asrda U.ning 2 turi yuzaga kelgan — fransuz (J.Lyulli ijodida) va italyan U.si (3 qismdan iborat sinfonia, A.Skarlatti). Italyan U.lari simfoniya rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. 18-asr 2yarmidan opera U.sida sonata shakli vujudga keldi (K.Glyuk, V.Motsart, L.Kerubini va boshqalar). 18-asr oxirlaridan U. operadagi obraz va mavzu bilan yanada uzviyroq bogʻlandi, shaklan boyidi ("Don Juan", V.Motsart; "Fidelio" L.Betxoven; "Ruslan va Lyudmila", M.Glinka va boshqalar). Sonata shaklida boʻlmagan U.lar, odatda, muqaddima, prelyudiya, introduksiya deb nomlanadi. 19-asrdan simfonik musikdsa dasturli konsert U.si rivoj topdi. "Yoz tunidagi tush" (F.Mendelson) birinchi romantik konsert U.dir. Oʻzbekiston kompozitorlari opera va musiqali dramalarga U.lar, shuningdek, konsert U.lari (R.Glier, "Tantanali U.", "Fargʻonacha bayram"; S.Yudakov, "Tantanali U."; M.Tojiyev, Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri uchun 3 ta U.; Hab. Rahimov, "Sayil"; A. Mansurov, 7 ta U.) yaratishgan.