Ustav

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ustav (rus.) — muayyan munosabat doirasidagi faoliyat yoki biror davlat organi, korxona, tashkilot va sh.k.ning tuzilishi, vazifasini yoʻnaltirib turadigan asosiy qonunqoidalar majmui (mas, siyosiy partiya, kasaba uyushmasi, temir yoʻl, daryo transporti, bank U.lari va h.k.). Harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar qurolli kuchlar U.i bilan tartibga solinadi. U. yuridik shaxslarning asosiy taʼsis hujjati hisoblanadi. Yuridik shaxs oʻz U.i asosida ish olib boradi. U. yuridik shaxs muassislari tomonidan tasdiqlanadi va davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. U.da yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri, pochta manzili, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qoʻyilishi, shuningdek, ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar toʻgʻrisida qonunda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar boʻlishi kerak. U.da yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab quyilgan boʻlishi lozim. Ayrim hollarda xalqaro shartnomalar ham U. deb atalashi mumkin (mas, BMT Ustavi).