Urugʻkurtak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Urugʻkurtak (ovulum), urugʻmurtak — yuksak oʻsimliklar urugʻchi gulida, odatda, urugʻlanishdan soʻng tuguncha ichida hosil boʻladigan boʻrtma. U. meva barg — platsenta, urugʻpoyadagi maxsus oʻsimtada bitta yoki bir nechtadan joylashgan; sharsimon yoki tuxumsimon shaklda boʻladi. U.ning markaziy qismi bir qavat yoki bir necha qavat qobiqqa oʻralgan yadro (nutsellus)dan iborat. Bu qobikdar oʻsib, bitta umumiy qobiqqa aylanishi mumkin. U.ning mikropilyar va xalazal qismlari boʻladi. Mikropilyar qism U.ning uchidagi qobiqlar tutashib ketmasdan chang naylari oʻtadigan urugʻ yoʻli yoki chang yoʻli (mikropile) hosil qiladi. Tuxumhujayra urugʻlangandan keyin U.dan urugʻ hosil boʻladi. Oʻsimliklarning tarixiy rivojlanishi jarayonida U. dastlab urugʻli qirqquloqlarda paydo boʻlgan. Yopiqurugʻlilar urugʻkurtagi eng yuksak darajada tuzilgan boʻlib, tuguncha ichida joylashgan; tashqi noqulay sharoitdan himoyalangan. Tuxumhujayra urugʻlangandan keyin qobiklari urugʻ poʻstlogʻiga aylanadi. Tugunchada bittadan bir necha mingtagacha U. hosil boʻladi. U. platsentaga nisbatan toʻgʻri (atrop), teskari (anatrop), egik (kompilatrop) boʻladi. Ularning oʻtkinchi shakllari ham bor. U tugunchada har xil holatda (markaziy qismida, tuguncha devorida va tubida) joylashadi.