Kontent qismiga oʻtish

Uollis va Futuna

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Uollis va FutunaTinch okeanining janubiy qismida joylashgan orollar bo‘lib, ular Gavayi va Yangi Zelandiyaning o‘rtasidagi masofaning taxminan uchdan ikki qismida joylashgan. Shimolda Tuvaluning, sharqda Samoaning, janubi-sharqda Tonga, g‘arb va janubda esa Fijining hududiy suvlari bilan chegaradosh.

Boshqaruv shakli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fransiyaning dengizorti hamjamiyati.

Davlat rahbari — Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. Uning nomidan orollarda Oliy maʼmur ish olib boradi. U Fransiya ichki ishlar vazirligi kengashida tasdiqlanadi. U hukumat rahbari bir vaqtda Hududiy Assambleya prezidenti hisoblanadi.

Bosh qonunchilik organi bir palatali Hududiy Assambleya. 5 yil muddatga saylanadigan 20 nafar aʼzodan iborat.

Uollis va Futuna hududi Fransiya Senatiga bir nafar senatorni va Milliy Assambleyaga bir nafar deputatni saylaydi.

Bu yerda xalq harakati uchun ittifoq, Sotsialistik partiya, Fransiya demokratiyasi uchun ittifoq partiyalaridan tashqari, Uollis va Futuna xalqlari ovozi, Uollis va Futuna uchun ittifoq, Sigava Milliy assotsiatsiyasi kabi siyosiy kuchlar faoliyat koʻrsatadi.

Boʻlinishi va aholisi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uollis va Futuna uchta okrugga (Alo, Sigava va Uvea) boʻlinadi.

Aholining 85 foizi tub joy polinez xalqlari (uollis va futunanlar), 8,1 foizi fransuzlardir. Aholisining uchdan bir qismi Futunada, uchdan ikkisi Uveada yashaydi.

Rasmiy tili — fransuz tili. Mahalliy aholi uollis va futuna tilida ham soʻzlashadi. 99 foizi xalq katolik diniga eʼtiqod qiladi.

Joylashuvi va tabiati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uollis va Futuna Tinch okeani janubiy qismidagi orol. Gavayi va Yangi Zelandiya oʻrtasida joylashgan. Bir-biridan 230 km uzoqlikdagi ikki orollar guruhidan iborat. Tarkibiga uchta yirik (Uvea, Futuna va Alofi) 22 ta kichik orollar kiradi. Shimolda Tuvalu va sharqda Samoa hududiy suvlari bilan, janubi-sharqda Tonga, gʻarbda va janubda Fiji bilan chegaradosh.

Bu orollarda doimiy zilzilalar, dovul va toʻfonlar sodir boʻlib turadi. Futunada 50 ta kichik daryolar bor. Iqlimi tropik passatli, namchil, doimiy issiq. Yillik oʻrtacha harorat +25...26°C atrofida. Uollisda yiliga 2500—3000 mm, Futunada 4000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Oʻrmonlar orollarning 44 foizini egallaydi.

1000—1500-yillarda bu yerga aholi koʻchib kela boshladi. Tongaliklar orolda ustun mavqega ega edi va 1400-yilda qirollikka asos solishdi. Futunada 1565-yili Alo qirolligi tashkil etilgan. 1784-yili Sigava qirolligi qaror topdi.

Gollandiyaliklar 1616-yil 28-aprelda orolga qadam qoʻyishgan. Orollar 17661768-yillarda dunyo boʻylab sayohat qilgan va bu yerda boʻlgan ingliz dengizchisi Samuel Uollis nomiga qoʻyilgan. 1842-yilda Uollis va Futuna Fransiya himoyasi ostida erkin va mustaqil, deb eʼlon qilindi. 1886-yilda orollar birin-ketin Fransiyaning protektoratiga aylanib bordi. 1888-yili “Uollis va Futuna” birlashgan protektorati eʼlon qilindi.

1917-yili Uollis va Futuna koloniyasi deb nomlandi va Yangi Kaledoniya boshqaruvi ostiga oʻtdi. Ikkinchi jahon urushi davrida bu yerda AQSh harbiy havo kuchlari va askarlari bazasi ochildi. Urushdan keyin yana Fransiyaga boʻysundi.

1961-yili u Fransiyaning dengizorti hududi maqomini oldi. 2003-yildan Dengizorti hamjamiyati deb atalmoqda. Ichki siyosatini oʻzi mustaqil amalga oshiradi, tashqi va harbiy siyosati Fransiya tomonidan boshqariladi.

Isteʼmol qilinayotgan mahsulotlarning katta qismi oʻzida ishlab chiqariladi. Parrandachilik, choʻchqachilik, baliqchilik, hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Banan, limon, maniok, mango, kokos palmasi, papaya, non daraxti, taro, sabzavotlar yetishtiriladi. Erkin iqtisodiy hududi 266 ming kvadrat kilometr. Ish izlab aholining katta qismi xorijiy davlatlarga chiqib ketmoqda.

Asosiy savdo sheriklari — Fransiya, Italiya, Yangi Kaledoniya, Singapur, Avstraliya, Fiji va Yangi Zelandiya.

Asosan, havo va suv transportidan foydalaniladi. Avtomobil yoʻllarining umumiy uzunligi 120 km.

Tashqi siyosati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uollis va Futuna Tinch okeani hamjamiyati kotibiyati (1947-yil) aʼzosi. Tinch okeani orollari forumi (2006-yil) kuzatuvchisi sanaladi.

  • Laziz Rahmatov. «Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha». Toshkent, 2019-yil