Kontent qismiga oʻtish

Umumlashtirish

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Umumlashtirish - insonning voqelikni bilish, tadqiq etishdagi muhim fikriy amallaridan biri; narsa va hodisalarning oʻxshash hamda muhim belgi, xususiyatlarini, bogʻlanishlarni fikran muayyan tushunchaga birlashtirish jarayoni va uning natijasi. U. — ilmiy bilishning muhim vositalaridan hisoblanadi. U.da ayrimlikdan umumiylikka oʻtiladi (mas, "issiqlik" tushunchasidan "energiya" tushunchasiga oʻtish) va umumiy tushuncha, hukm, nazariyalar hosil qilinadi (sabzi, piyoz, karam — sabzavot; olma, nok, oʻrik — daraxt). Bunday tushunchalardan yuzaga kelgan umumiy bilim moddiy olamni chuqurroq aks ettirib, uning mohiyatini anglab olishga yordam beradi. Voqelik toʻgʻrisidagi tushunchalarni, ularga asoslangan bilimlarni umumlashtirmasdan fanlarning asosiy kategoriyalarini yaratib boʻlmaydi. U.siz bilimlarimizni sistemaga solish mumkin emas. U.siz fan va ilmiy bilimlar taraqqiy eta olmaydi. Barcha ilmiy kategoriyalar, ular yordamida ifodalanuvchi qonun va tamoyillar, tajribada toʻplangan empirik tushunchalar U. natijasida hosil qilingan.