Umidiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Umidiy (Havoiy, Margʻiloniy — taxalluslari; asl ismsharifi Muhammadumar qori Neʼmatulla oxun oʻgʻli) (1835 — Margʻilon sh. — 1905) — shoir, tarixchi. Hayoti Fargʻona va Margʻilonda, Sharqiy Turkiston (Qashqar)da kechgan, Furqat, Muqimiy va boshqa shoirlar bilan yakin ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Ijodiy faoliyati 19-asrning 2-yarmida Fargʻonadan boshlangan; adabiy merosi kichik hajmdagi lirik va satirik sheʼrlar hamda epik dostonlardan iborat. Uning "Masnaviyi Umidiy", "Devoni Umidiy" (1981), "Kachkuli Qalandariy" (1891—92; nazmiy va nasriy yoʻl bilan yozilgan hikoyalar, afsona va rivoyatlar toʻplami) asarlari, "Badavlatnoma yoki Tarixi Xoʻqand" (1880), "Maktubchai xon" (1884), "Jangnoma" (1888), "Hayrat ulolam" va boshqa tarixiy, falsafiy-didaktik dostonlari yetib kelgan. Umidiy lirikasida vatanparvarlik, vafo va sadoqat, sof muhabbat kabi insoniy fazilatlar tarannum etilsa, dostonlarida Fargʻona vodiysi va Sharqiy Turkistondagi turli jangu jadallarda xarob boʻlgan yurt, xalq ahvoli haqqoniy tasvirlanadi. Masalan, 2700 misradan iborat "Badavlatnoma yoki Tarixi Xoʻqand" dostonida Umarxon vafoti (1822) dan 1875-yilgacha boʻlgan Qoʻqon tarixi va Yoqubbek (Muhammad Yoqubbek Badavlat)ning harbiy yurishlari hikoya qilinadi.

Umidiyning astronomiya va tibbiyot ilmlari bilan shugʻullanganini koʻrsatuvchi masnaviylari ham bor. Asarlarining koʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sankt-Peterburg boʻlimi fondlarida saqlanadi. Omon Jalilov.