Kontent qismiga oʻtish

Uglevodlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
laktoza molekulasi

Uglevodlar (shakarlar, glitsidlar, carbohydrate) — oqsillar va yogʻlar bilan bir qatorda odam, jonivorlar va oʻsimliklar organizmi hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan keng tarqalgan organik birikmalar guruhi. Organizmda moddalar almashinuvi natijasida hosil boʻladigan energiya manbalaridan biri. Xossalariga koʻra, oksialdegidlar va oksiketonlarga yaqin turadi. Uglevodlar asosiy qismining umumiy formulasi CnH2nOn yoki Cp(H2O)p boʻlib, monosaxaridlardan glyukoza (fruktoza) C6H12O6 yoki disaxaridlardan saxaroza C12H22O11 ularga misol boʻla oladi. Oʻsimliklar qattiq moddasi massasining 80% ga yaqini, jonivorlar quruq massasining 2% ga yaqini uglevodga toʻgʻri keladi. Oʻsimliklar uglevodni anorganik moddalar — karbonat angidrid (SO2) bilan suvdan sintez qiladi. Tirik organizmda uglevod biologik jarayonlarda energiya manbai, organizm uchun boshqa oraliq yoki oxirgi metabolitlar sintezida xom ashyo rolini oʻynaydi. Hozirgi tarkibida uglerod, vodorod va kisloroddan tashqari azot, oltingugurt yoki fosfor boʻlgan birikmalar ham uglevod qatoriga kiritiladi.

bu ovqatlarda uglevodlar koʻp

Uglevodlar. 2 katta guruhga: monosaxaridlar va polisaxaridlarga boʻlinadi. Polisaxaridlar esa shakarsimon (oligopolisaxaridlar) — disaxaridlar (biozalar), trisaxaridlar, tetrasaxaridlar va noshakarsimon polisaxaridlardan iborat. Ular oddiy uglevod (monosaxaridlar yoki monozalar) va murakkab uglevod (polisaxaridlar yoki poliozalar) deb ham ataladi.

Mono va oligosaxaridlar — mol. massasi uncha yuqori boʻlmagan suvda yaxshi eriydigan moddalar. Noshakarsimon uglevod ning molekular. massasi yuqori, eritmalari faqat kolloid holida mavjud boʻladi. Noshakarsimon Uglevodlar. (kraxmal, selluloza) katta miqdordagi monozalar molekulasidan tuzilgan.

Monozalar tuzilishi qator reaksiyalar yordamida aniqlangan, glyukoza vodorod yodid HI bilan qaytarilganda 2-yodgeksan hosil qilishi, yengil sharoitlarda glyukoza oksidlanganda glyukon kislotaga aylanishi, atsillanganda va alkillanganda 5 ta gidroksil guruhi mavjud boʻlishi inobatga olinadi. Fruktozada glyukozadagi aldegid guruhi oʻrnida keton guruhi boʻladi. Oddiy uglevod ga taalluqli monosaxaridlar suvda yaxshi eriydigan optik faol kristall moddalar boʻlib, aksariyati shirin, qaytaruvchilik xossasiga ega. Koʻp atomli aldegid va ketonospirtlar (koʻpincha ichki siklik yarimatsetal shaklda) hisoblanadi. Bularga mansub oligosaxaridlar esa glikozid bogi bilan bogʻlangan 2—10 monosaxariddan iborat. Disaxaridlarga kiradigan saxaroza, tregaloza, laktoza tabiatda keng tarqalgan. Oligosaxaridlarning koʻp sonli glikozidlari (fiziologik faol moddalar) tibbiyotda qoʻllanadi.

Polisaxaridlar chiziqsimon yoki tarmoqlangan yuqori molekulali birikmalar boʻlib, ular molekulalari glikozid bogʻi bilan bogʻlangan monosaxaridlardan tashkil topgan. Ular zaxira holdagi uglevod — kraxmal, inulin, glikogen, gemitsellyulozalardir. Uglevod maʼlum oʻsimliklardagina koʻp toʻplanadi. Masalan, lavlagida saxaroza, qoʻziqorinlarda mannit, kartoshkada kraxmal, paxtada sellyuloza koʻp boʻladi. Uglevod organik kislotalar, koʻp atomli fenollar, oshlovchi moddalar, antotsianlar, aminokislotalar, yogʻlar, oqsil va boshqalarga aylanadi. Uglevod hayvonlar organizmi quruq massasining 2% ini tashkil etadi. Uglevodning 1 g 4,1 kkal energiya berib, asosan, oʻsimliklardan olinadi. Bunday energiya anaerob, yaʼni glikoliz va aerob yoʻl bilan hayvon organizmida sarflanadi. Nafas olishda taxminan 30 baravar koʻp energiya ajraladi. Glikoliz jarayonida hosil boʻlgan sut kislotaning bir qismi oksidlanadi, qolgan qismi esa energiya ajralishi hisobiga glikogenga sintezlanadi.

Uglevoddan organizm uchun zarur boʻlgan glyukoza, fruktoza, askorbin kislota, antibiotiklar, yurak glikozidlari va boshqa olinadi.

Uglevod sanoat va xalq xoʻjaligi, farmatsevtika va tibbiyot, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalar uchun xam muhim xom ashyo manbaidir. Bijgʻish mahsulotlari, oʻnlab xil kislotalar, dori-darmonlar, toʻqimachilik sanoatining asosiy xom ashyolari — sellyuloza, qogʻoz, tolalar, plastmassalar ham uglevoddan foydalanib tayyorlanadi. Portlovchi moddalar, kinotasmalar, pergament, gummiarabik va boshqa ham shular jumlasiga kiradi.