Turob Toʻla

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Turob Toʻla (taxallusi; familiyasi Toʻlaxoʻjayev, 1918.24.12 hozirgi Janubiy Qozogʻiston viloyatining Turbat qishlogʻi — 1990.20.4, Toshkent) — shoir, dramaturg va kinodramaturg. Oʻzbekiston xalq shoiri (1988). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1967). Toshkent teatr bilim yurtida (1934— 38), Toshkent pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida (1938—41) oʻqigan. "Yosh leninchi" gaz.da adabiy xodim (1935— 41), Oʻzbekiston Davlat radioeshittirish qoʻmitasida muharrir va diktor (1935—48), "Qizil Oʻzbekiston" gaz. tahririyatida adabiy kotib (1948—49), partiya idoralarida instruktor (1949—51), Oʻzbekiston Davlat nashriyotida muharrir (1953— 57), "Oʻzbekfilm" kinostudiyasida ssenariy boʻlimi boshligʻi (1957 — 62), Kinochilar uyushmasida kotib (1962-67), Madaniyat vazirligi qoshidagi Sanʼat ishlari boshkarmasida boshliq (196776), Hamza teatrida direktor (1977-79), Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimi va Adabiyotni targʻib etish markazida rahbar (1980—90). Dastlabki "Sheʼrlar" toʻplami 1939 yilda nashr etilgan. Shundan keyin shoirning "Shodligim" (1941), "Tabassum" (1944), "Baxt tongotari" (1948), "Muborakbod" (1949), "Bolalar dostoni" (1950), "Qanotlan, qoʻshiqlarim" (1955), "Tanlangan asarlar" (1958), "Oromijon" (1961), "Gulyor" (1968), "Oftob nayzada" (1974) singari sheʼr, qoʻshiq va dostonlardan iborat toʻplamlari eʼlon qilingan.

Turob Toʻlaning sheʼriy ijodi lirik sheʼr, qoʻshiq, ballada va dostonlardan iborat. Asosan, qoʻshiq janrida samarali ijod qilgan ("Hayo bilan". "Sumbula", "Koʻchalar", "Doʻppi tikdim", "Sartarosh qoʻshigʻi" va boshqalar).

Turob Toʻla "Hamiyat" (1948), "Shaxlo", "Zamon hukmi" (1968), "Suyuk momo" (1975), "Tramvayda topilgan daftar" (1978) singari dostonlarida mehnatsevar zamondoshlari hayotiga murojaat etish bilan birga tarixiy oʻtmish saxifalarini ham varaqlash va moziyda roʻy bergan muhim voqealarga hozirgi davr nigoxi bilan qarashga intilgan.

"Qizbuloq" (1968), "Quvvai qahqaha" (1969) va boshqa pyesalar yozgan. 1969— 70 yillarda F. Shillerning "Mariya Styuart" tragediyasini oʻzbek tiliga tarjima qilgach, mashhur oʻzbek shoirasining fojiali hayotiga bagʻishlangan "Quvvai qahqaha" dramasini qayta ishlab, uni "Nodirabegim" nomi bilan sahnaga olib chiqqan (Hamza, Mukimiy va boshqa teatrlarda qoʻyilgan). Turob Toʻla ayni paytda oʻzbek va qardosh xalqlar adabiyotidagi sara asarlarning sahna variantini yaratish maqsadida Ch. Aytmatovning "Momo yer" qissasi asosida shu nomdagi musiqali drama, Oybekning "Qutlugʻ qon" romani asosida "Zulmatdan ziyo" opera librettosini, Hamid Olimjonning "Oygul va Baxtiyor" dostoni asosida shu nomdagi sheʼriy drama (1979)ni, "Malikai ayyor" oʻzbek xalq dostoni asosida shu nomdagi opera librettosi (1987)ni yaratgan. Gʻ.Zafariyning 20-yillarda respublika teatrlari sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan oʻynalgan "Xalima" musiqali dramasini qayta tiklab, Muqimiy teatrida sahnalashtirgan. Bulardan tashqari, oʻzbek xalq ertaklari asosida yaratilgan "Samarkand afsonasi" baleti librettosi gʻam bor. "Maftuningman" (1958), "Furkat" (M. Melkumov bilan hamkorlikda, 1960) kinofilmlari va "Shashmaqom" videofilmi ssenariysi muallifi. Turob Toʻla oʻziga zamondosh boʻlgan oʻzbek adabiyoti va sanʼati arboblari hakida qator adabiy portret, ocherk va xotiralar yozgan ("Nafosat", 1967; "Kamalak" 1972). U. Shekspirning "Qiyiq kizning quyulishi" komediyasi, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A. Nekrasov, T. Shevchenko, A. Tukay, S. Muqonov asarlarini oʻzbek tiliga tarjima kilgan.

Manbalar[tahrir]

  • Asarlar [3 j.li], 1—3j.lar,T., 1978— 80;
  • Yetti zogʻora, T., 1981.

Adabiyot[tahrir]

  • Aliyev M., Turob Tula, T., 1969;
  • Moʻminova D., Davrimiz qoʻshiqlari, T., 1977.