Tubergen lolasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tubergen lolasi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Lola
Oila: Loladoshlar
Binar nomi
Tulipa tubergeniana

Tubergen lolasi (lotincha: Tulipa tubergeniana) — loladoshlar oilasi, lola turkumiga mansub, bir urugʻpallali, koʻp yillik, piyozchali oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga yoʻqolish arafasida turgan, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati Hisor tizmasi, Boysun togʻlari, To‘polondaryo havzasi, Koʻhitang tizmasida tarqalgan[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 10—40 sm gacha yetadigan, koʻp yillik, piyozchali, bir urugʻpallali oʻt oʻsimlik. Piyozboshisi maxsus vegetativ koʻpayish organi, shakli tuxumsimon, diametri 3-5 sm, tashqi qobigʻi jigarrang yoki qoʻngʻir tusda, ichki tomoni toʻrsimon, momiq tuk bilan qoplangan. Barglari 3 dona, gulidan uzunroq. Gullari, ikki jinsli, yakka, yirik, diametri 6—7 sm, gultojibarglari qizil rangda, tubida qora, och sariq, gardishsimon dogʻli. Changchi iplari qora, changdonlari binafsha rangda. Aprelda gullab mevasi iyun—iyul oylarida pishib yetiladi. Mevasi — 3 boʻlakli koʻsak meva. Urug‘i va piyozchasi orqali koʻpaytiriladi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda kam tarqalgan, yoʻqolib ketish arafasidagi tur. Surxondaryo viloyati, Hisor tizmasi, Boysun togʻlarida, Sina qishlogʻi atrofida, To‘polondaryo havzasida, Koʻhitang togʻ tizmasida uchraydi. Ola jinsli qoldiq togʻlardagi unumdor tuproqli yonbagʻirlarda va togʻdagi pistazorlarda oʻsadi. Gullarining uzilishi, piyozchalarining kavlab olinishi va oʻsish arealida chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida soni kamayib ketgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bogʻida 1955—yildan beri ekib oʻstirib kelinmoqda. Yovvoyi holatda oʻsayotgan yerlari himoya ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Тюльпан Тубергена — Tulipa tubergeniana — Описание таксона — Плантариум“. 2015-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 1-may.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019 — 163—bet bet.