Trimmer

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Trimmer (ing. trimmer — tartibga solmoq) — 1) aviatsiyada — uchish apparati (mas., samolyot) ruli (yoki eleron) ning quyruq qismidagi kichkina ogʻdiruvchi qism. Apparatni boshqarish tizimidagi zoʻriqish (kuch) ni kamaytirish uchun xizmat qiladi; 2) irgʻituvchi konveyer; koʻchma yuk ortishtushirish mashinasi. Yuk ortish yoki tushirish paytida T. rotori parraklari, disk yoki harakatlantiruvchi lenta yuk (tuproq, don va boshqalar) ga kinetik energiya uzatadi, natijada yuk ancha (30 m gacha) masofaga irgʻitiladi. T. shaxtalarda, Transport yoʻli koʻtarmalari qurishda, kemalar, omborlar vagonlarga yuk ortishtushirishda ishlatiladi; 3) radiotexnikada — kichik oʻzgaruvchan sigʻimli elektr kondensator. Radioelektron qurilmalar, rezonansli tebranma konturlarning sozlovchi elementa sifatida ishlatiladi. Tuzilishi jihatidan T. oʻzgaruvchan sigʻimli, bitta stator, bitta rotor plastinali yassi kondensatorlardan iborat. Baʼzan, ikki (va koʻproq) koaksial keramik silindr yoki metall plastina (havo tirqishli), metallashtirilgan keramik naycha va oʻzakdan iborat tizim ham boʻlishi mumkin. T.ning sigʻimi va uning oʻzgarish diapazoni, odatda, bir necha pf (pikofarada) yoki bir necha oʻn pf ni tashkil qiladi.